15:45 / 22.12.2016
30368

Turkiya tomoni Karlovning qotili nega tiriklay qo‘lga olinmaganiga izoh berdi

Turkiya prokuraturasi Anqarada Rossiya elchisini o‘ldirgan politsiyachi nega tiriklay qo‘lga olinmaganiga izoh berdi. Bu haqda Turkiya davlat axborot agentligi xabar tarqatgan.

Rossiya elchisi Andrey Karlov 19 dekabr kuni Anqaradagi fotoko‘rgazma ochilishi marosimi vaqtida o‘z ortida turgan soqchi qiyofasidagi qotil tomonidan otib tashlandi. Politsiyachilar tez orada qotilning o‘zini yo‘q qildi. Turkiya hukumati qotilning shaxsini ma'lum qilgan, qotillikni sodir etganidan keyin "Halabni unutmanglar" deya hayqirgan bu yigit 22 yoshli politsiyachi Mavlud Mert Oltintosh edi.

Rossiya va Turkiya bu hujumni ikki davlat munosabatlariga zarar keltirish yo‘lidagi hiyla deb baholadi. Ikki davlat shu haftada Suriya masalasida kelishuvga erishishi kutilayotgandi. 

Anadolu agentligi prokurorning qotil maxsus xizmat vakillari tomonidan qo‘lga olinmaganiga bergan izohini keltirgan.

Avvalo, u qurolini tashlab, taslim bo‘lish haqida o‘ylamagan va "Meni bu yerdan tirik holda olib chiqa olmaysiz!", degan. Politsiyachilar Oltintoshning oyog‘iga o‘q uzgan, ammo u yerda yotgan holida ham o‘t ochishda davom etgan.

Turkiya rahbari Erdo‘g‘an politsiyachilarning harakatini oqlagan.

"U tiriklay qo‘lga olinmagani uchun ba'zi taxminlar paydo bo‘lmoqda. Lekin o‘ylab ko‘ring, Beshiktoshda nima bo‘ldi. Terrorchini tiriklay qo‘lga olmoqchi bo‘lishganida u o‘zini portlatdi va ko‘p qurbon berildi", deya u dekabr oyi boshida "Beshiktosh" stadioni yaqinida sodir bo‘lgan voqeani eslatgan.

O‘shanda terakt oqibatida 44 kishi halok bo‘lib, 150dan ortiq kishi jarohatlangandi.

Anadolu agentligi biroz avvalroq, Rossiya elchisi qotilining 11 nafar qarindoshi qo‘lga olinib, so‘roqqa olib ketilgani haqida ma'lum qilgandi. Keyinroq, qotilning ota-onasi, singillari va amakilari bo‘lgan 6 kishi tergovdan keyin qo‘yib yuborilgani haqida bildirildi.

Turkiya tomoni bu suiqasd muxolifatchi Fathulloh Gulen bilan bog‘liqligini iddao qilmoqda.

Kreml chorshanba kuni bu qotillik ortida kim turgani haqida xulosa qilishga erta ekanini bildirdi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu qotillikni Turkiyaning nufuziga yana bir zarba bo‘lganini aytib o‘tdi.

Top