18:33 / 23.12.2016
6161

Avval uch marotaba sudlangan erkak birovlarning mol-mulkini o‘g‘irlab sotgani sabab yana qamaldi

Foto: Getty Images

Urganchlik Narimon Eshimov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) muqaddam uch marotaba sudning qora kursisiga o‘tirgan. Uch farzandning otasi. Yoshi ham qirqqa yaqinlashib qolgan. Unday bo‘lsa, aqlini yig‘ishtirib olgandir, qilmishlariga pushaymon bo‘lib, o‘z hayotini izga solishga urinayotgandir, deb o‘ylasangiz, yanglishasiz.

“Huquq” gazetasining yozishicha, “Bekor yursa, yana jinoyatga qo‘l urishi mumkin, unga ish topib bersam, zora, oilasiga foydasi tegsa, bolalarini halol yedirib, ichirsa”, degan o‘y bilan qaynotasi uni yoniga ishga taklif qiladi. Bu paytda qaynota Urganch tumanidagi “Cholish” shaharchasi hududida namunaviy uy-joy qurilishi bilan shug‘ullanayotgan MChJda ishlardi. Jamiyat rahbarining ham yigitga ichi achidi.

-  Qurilish ishlariga qarashib yursang, haqingni olasan, - deya ishga qabul qildi.

N.Eshimov kelishilgan ish haqini olib, ish boshladi. Bu orada MChJ rahbarining ishonchiga kirdi.

-  Uyqusizlikdan qiynalyapman. Shu yaqin o‘rtadan uy topib bersangiz, ijarada yashardim. 

-  Yordam beraman. Bu hududda bo‘sh uylar topiladi. 11-uyning egasi boshqa joyda yashaydi. Har zamonda kelib xabar olib turadi. O‘sha bilan gaplashib ko‘raman, - dedi rahbar.

Ko‘p o‘tmay, va'dasidan chiqdi. Uy egasini topib, ishchisi bilan tanishtirdi. Narimonning hayotdan qiynalgani, uch nafar farzandni yedirib-ichirish oson bo‘lmayotgani haqidagi gaplaridan uning ko‘ngli erib ketdi.

-  O‘g‘lim, sen siqilma. Ana, uyimiz bo‘sh turibdi. Bolalaringni olib, ko‘chib o‘taver. Menga ijara puling ham kerakmas. Uyimga qarab o‘tirsang, bo‘ldi.

Barcha qulayliklarga ega bo‘lgan uyda yashay boshlagan N.Eshimov kunlarning birida shahardagi qahvaxonaga kirib, spirtli ichimlik iste'mol qildi. Ammo xumori bosilmadi. Uyga qaytgach, ko‘ngli yana ichkilik istadi. Cho‘ntagidagi pulning kamligi pand berdi. Shunda xayoliga yangi reja keldi. Bu atrofdagi uylarning barchasi yangi. Deyarli ko‘pchiligida hech kim yashamaydi. Uylarga yangi maishiy jihozlar o‘rnatilgan. Ularni o‘g‘irlab sotsa bormi...

Ro‘parasidagi uyning darvozasidan oshib tushdi. “Rakovinalar”, “smesitel”lar, gaz plitasini olib o‘zi yashaydigan uyga keltirib qo‘ydi. Keyin navbatdagi, undan keyin yana va yana... qo‘shni uylardagi maishiy jihozlar va idish-tovoqlar, nimani sotishga yaroqli, deb hisoblasa, o‘g‘irlab uyiga keltirdi. Shu tariqa beshta xonadonga o‘g‘irlikka tushdi. Ularni birin-ketin bozorga olib chiqib, “Pulga zarurligimdan uyimdagini sotyapman. Ish haqimga berishdi. Tanishim sotib berishimni iltimos qildi”, degan bahonalar bilan o‘z narxidan arzon baholarga sota boshladi.

Buzoqning yugurgani somonxonagacha, deydi xalqimiz. O‘zgalar hurmatini suiiste'mol qilgan, yaxshilikka yomonlik bilan javob qaytargan N.Eshimovning qilmishlari qonun himoyachilari tomonidan fosh etildi, u sud oldida javob berdi. Endi N.Eshimov umrining ma'lum qismini yana panjara orqasida o‘tkazishga majbur.

Top