09:18 / 23.12.2016
3783

Xitoyda yirik ko‘mir kompaniyasi sobiq rahbari 13,5 yilga qamaldi

Foto: AP

Xitoyning yirik ko‘mir kompaniyasi - Shanxi Coking Coal Group Co. direktorlar kengashi sobiq raisi Bay Peychjun 13 yarim yilga ozodlikdan mahrum etildi. U 35 million yuan miqdorida (taxminan besh million dollar) pora olgan. Bu haqda Caixin nashri yozmoqda.

Tszyansu viloyatidagi Suchjou shahri sudiga ko‘ra, Bay Peychjun 2001-2011 yillarda ko‘mir shartnomalarini imzolash va o‘z sheriklarini xizmat pog‘onalarida ko‘tarish uchun pora olgan. Sud u uch million yuan miqdorida jarima puli to‘lab berishi kerakligi haqida ham qaror chiqardi.

Bay Peychjunga qarshi korrupsiya bo‘yicha surishtiruv ishlari 2011 yilning noyabrida uning uyini o‘marib ketishgach boshlandi. O‘shanda uydan 50 million yuanlik qiymatga ega qimmatbaho buyumlar, jumladan oltin yombilari, naqd pullar, zargarlik taqinchoqlari o‘g‘irlab ketilgani xabar qilingandi. Biroq, politsiya sud eshituvlarida Shanxi Coking Coal Group Co rahbarining uyidan o‘marilgan buyumlar qiymati atigi 10 millionni tashkil etganini ma'lum qilgan.

Sud dastlabki tergov jarayonini buzgani uchun to‘rt nafar politsiyachini 6 dan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etgan. Ta'kidlanishicha, qora kursiga o‘tirgan huquqni muhofaza qilish organ xodimlari Bay Peychjunga ish ko‘rib chiqilish jarayonida o‘g‘irlangan buyumlar qiymatini tushirib berishga yordam berishgan. Bu hukumat uni korrupsiyada gumon qilmasligi uchun o‘ylab topilgan nayrang edi.

Bundan tashqari, sud Bay Peychjunning o‘rinbosari - Lyao Shuanchjuni 16 yilga ozodlikdan mahrum qildi. U 13,4 million yuan miqdorida pora olgan.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatda Si Tszinpin 2012 yilda hukumat tepasiga kelgach, korrupsiyaga qarshi keng qamrovli kurash kampaniyasi boshlandi. O‘shandan beri minglab amaldorlar partiya tartib-intizomini buzgani va korrupsiyada ayblanib jazoga tortildi.
 

Top