19:22 / 23.12.2016
28372

Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha Vakilining virtual qabulxonasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

2016 yilning 23 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (Ombudsman)ning yangilangan rasmiy veb sayti va uning virtual qabulxonasi, shuningdek “Ishonch telefoni”ning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Mazkur taqdimotda ishtirok etish uchun davlat va jamoat tashkilotlari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning matbuot xizmatlari, bosma, tele-radio, elektron ommaviy axborot vositalari vakillari taklif etildi.

Taqdimot jarayonida Ombudsman internet-resursining modernizatsiya qilinishi   davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining ochiqligi va oshkoraligini ta'minlash, axborot olish erkinligi hamda keng jamoatchilik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishni kengaytirish borasidagi vazifalar doirasida amalga oshirilganligi ta'kidlandi.  

Internet-sayt zamonaviy rivojlangan axborot-kommunikatsiya sohasidagi barcha tendensiyalarni o‘z ichiga olgan. Jumladan, u o‘zida Ombudsmanning virtual kabulxonasi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot hamda inson huquq va erkinlarini amalga oshirishga oid savollarga javoblar olishni qamrab oladi.  Virtual qabulxona orqali O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar murojaat qilishlari mumkin. Bunda murojaat berilishida elektron imzo talab etilmaydi.

Rasmiy saytni yangilash jarayonlarida inson huquqlari sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan davlat siyosatini keng yoritish, ushbu sohada qabul qilinayotgan qonunchilik hamda davlat dasturlarining mazmun mohiyatini tushuntirishga alohida e'tibor qaratildi. Sayt orqali Ombudsmanning – fuqoralarning murojaatlarini ko‘rib chiqish amaliyoti natijalari, qonunchilikni takomillashtirish, huquqiy madaniyatni yanada yuksaltirish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi faoliyati yuzasidan muntazam ravishda axborot berib boriladi.   

Bundan tashqari, normativ va dasturiy hujjatlarni amalga oshirish, qonun loyihalarini ishlab chiqish, jamoatchilikni qiziqtiradigan savollarni batafsil muhokama qilish borasida tashkil etiladigan forumlarda ishtirok etish imkoniyatining mavjudligi mazkur saytning muhim jihati bo‘lib hisoblanadi. Bu esa, mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy islohotlar jarayonlarida fuqarolarning ishtirokini yanada kengaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.  

Saytda Ombudsman Kotibiyati va Ombudsmanning Mintaqaviy vakillarining manzillari va telefon raqamlari, fuqarolarni qabul qilish kunlari va vaqti to‘g‘risidagi ma'lumotlar joy egallagan.

Sayt oson va qulay boshqarish imkoniyatiga ega. Sayt materiallaridan o‘zbek, rus va ingliz tillarida, shuningdek, ko‘rish imkoniyati cheklangan fuqarolar foydalanishlari mumkin.   

Yangilangan internet-sayt YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalar Koordinatori yordamida tayyorlandi.

Shuningdek, tadbir davomida Ombudsmanning murojaatlarni qabul qilish bo‘yicha “Ishonch telefoni” ochilganligi to‘g‘risida e'lon qilindi. Ariza, shikoyat va takliflar (0371) 200-10-96 va qisqa 1096 (respublika miqyosida bepul) telefon raqamlari orqali berilishi mumkin.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan Ombudsman internet-saytining yangilanishi, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoatchilik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish shakl va uslublari hamda mexanizmlarini kengaytirilishi borasidagi chora-tadbirlar yuqori baholandi.  

Top