09:52 / 24.12.2016
25197

Filippin prezidenti: Men BMTning kulini ko‘kka sovuraman

Foto: Google image

O‘zining turli xil asossiz nag‘malari bilan shuhrat qozongan Filippin prezidenti Rodrigo Duterte yana bir bor keng jamoatchilik e'tiboriga tushdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar u AQShga borsa, BMT binosining kulini ko‘kka sovurar ekan, deb yozmoqda Independent nashri.

Filippin rahbari mamlakat janubidagi Zamboanga shahridagi harbiy bazada qilgan chiqishida BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Zayd Raad al Husaynning da'volariga e'tibor qaratdi. Al Husayn Dutertening Filippindagi giyohvand savdosi bilan shug‘ullanuvchilarga qarshi kurashi chog‘ida amalga oshirgan qotilliklari xususida fikr bildirgan edi. 

«Siz BMTga borib, arz qilishingiz mumkin. Bu holda men Birlashgan millatlar tashkilotini yoqib yuboraman. Agar Amerika borsam, BMTning kulini ko‘kka sovuraman», — degan siyosatchi.

Avvalroq, Rodrigo Duterte Zayd Raad al Husaynni «axmoq» degan va BMT xodimlariga o‘zi maosh berayotganini ta'kidlagan edi. 

Bundan avval, Zayd Raad al Husayn Filippin hukumatini mamlakat prezidenti bayonoti yuzasidan tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan edi. Duterte, bayonotlaridan birida, davlat rahbari bo‘lmasdan oldin sodir etgan qotilliklariga iqror bo‘lgandi.

Top