23:04 / 24.12.2016
10647

«Manchester Yunayted» qaysi o‘yinchilarni ko‘z ostiga olmoqda?

Antuan Grizmann, «Atletiko»

Jahon futbolidagi har qanday jamoa murabbiyi yoki rahbari o‘z klubida Antuan Grizmanni ko‘rishni istamasa, u o‘z lavozimi bilan xayrlashaversa bo‘ladi. France Football tasnifi bo‘yicha dunyoning eng kuchli o‘yinchilari uchligiga kiruvchi futbolchini xarid qilish uchun yaxshigina pul to‘lash lozimligi boshqa masala. Axir yirik miqdordagi mablag‘ni atigi bir necha jamoalar to‘lay oladi. Shunday jamoalardan biri esa, so‘nggi yillarda pulni ko‘rdim demay sovurayotgan «Manchester Yunayted»dir. Hozircha, uning tarkibida Zlatan bor ekan, Jozega ortiqcha hujumchi kerak emas. Shunga ko‘ra, Grizmanning «Old Trafford»ga o‘tishini mavsum nihoyasida kutish mumkin, xolos. 

Viktor Lindelof, «Benfika»

«Benfika» himoyachisi «MYu» nishonga olgan asosiy o‘yinchilardan yana biridir. Hozirda, jamoalar shved o‘yinchisi uchun tovon puli borasida kelishib olgan. U 38 mln funt sterling (46 600 000 AQSh dollari)ni tashkil etishi mumkin. Albatta, bu narx ancha jiddiy, biroq, Viktorning Portugaliyada ko‘rsatayotgan o‘yini, uning Yevropadagi kelajagi porloq himoyachilardan biri haqida gap ketayotganini isbotlaydi. 

Xose Ximenes, «Atletiko»

Ushbu mavsumda «Atletiko»ning boshlang‘ich tarkibida ko‘p ham paydo bo‘la olmayotgan himoyachisi Xose Mariya Ximenes Lindelofga muqobil sifatida baholanishi mumkin. Shu yilning yozida «Man Yunayted» Madrid klubining boshqa bir futbolchisi Diyego Godinga qiziqib ko‘rgan, ammo rad javobini olgandi. Endilikda, Ximenes transfer bahosi 40-50 mln yevroga baholanmoqda. Ximenes va Lindeloflarga muqobil sifatida «Sautgempton» himoyasi vakillari Joze Fonte va Virjil van Dayklar ham ko‘rib chiqilmoqda.

Nelson Semedu, «Benfika»

Lindelofning «Benfika»dagi jamoadoshi Nelson Semedu ham «Manchester Yunayted» nigohiga tushgan. Semedu mankunianliklarga juda ham qo‘l kelishi mumkin. Jamoaning o‘ng qanot himoyasida 31 yoshli Antonio Valensiya o‘rniga munosib nomzod zarur. Ammo, 22 yoshli Semeduga «Manchester Yunayted» 30 mln yevroning bahridan o‘tsa bas. 

Frank Kessi, «Atalanta»

A seriyadan Angliyaga o‘tib olish imkoniyati «Atalanta»ning yarim himoyachisi Frank Kessida ham bor. Qolaversa, 35 yoshli Maykl Karrik o‘rnida to‘p sura oladigan o‘yinchi unchalik ham qimmat turmaydi. Transfermarkt uning qiymatini 7,5 mln yevroga baholagan. Uning o‘rniga «Monako» Temua Bakayoko ham xard qilinishi ehtimol.

Mussa Dembele, «Seltik»

Mussa Dembele («Tottenxem»dagi Mussa Dembele emas) yoz mavsumida «Seltik»ka o‘tgandi. Ammo, uning Chempionlar ligasidagi yorqin o‘yinlari va «Reyndjers» darvozasiga urgan xet-triki obro‘li klublar diqqatini qaratdi. Bu borada «Manchester Yunayted» va shaxsan Joze Mourinyu birinchi navbatda turibdi. U 3 marotaba Mussani o‘yinini kuzatib, Dembeleda Dide Drogbani ko‘rganini e'tirof etdi. Ushbu mavsumda Mussa 24ta rasmiy o‘yinda maydonga tushib, «Seltik» uchun 16ta gol urishga muvaffaq ham bo‘ldi. 

Top