15:50 / 25.12.2016
9683

Aleksandrov ansambli Halabda konsert berishi rejalashtirilgandi

Foto: RT

Qora dengiz ustida qulab tushgan Su-154 samolyoti bortida bo‘lgan Aleksandrov ansambli Hmeymimdagi rossiyalik harbiy xizmatchilar uchun emas, yaqindagina ozod etilgan Halab shahrida konsert berishi rejalashtirilgandi. Bu ma'lumot ansamblning Moskvadagi vakillariga asoslangan holda «Meduza» nashri tomonidan tarqatildi.

Bundan oldingi xabarlarda ansambl Yangi yil bayrami munosabati bilan Rossiyaning Suriyadagi Hmeymim aviabazasidagi rus harbiylarini tabriklab, konsert uyushtirishi ko‘zda tutilgan bo‘lgani haqida aytilgandi.

Rossiya Mudofaa vazirligiga tegishli Tu-154 rusumli harbiy-transport samolyoti 25 dekabr tongida Moskvadan uchib, Sochida yonilg‘i to‘ldirish uchun to‘xtab, soat 5:20da parvozni davom ettirganidan so‘ng radarlardan yo‘qoldi. Ko‘p o‘tmasdan samolyot Qora dengizga qulagani ma'lum bo‘ldi. Samolyot bortida 92 kishi bo‘lgan va ularning hech biri omon qolmagan.

Yo‘lovchilarning aksariyati Aleksandrov nomidagi ashula va raqs ansambli a'zolari bo‘lgan. Bortda, shuningdek, Rossiya «Birinchi kanali», «NTV» va «Zvezda» telekanallarining tasvirga olish guruhlari ham bo‘lgan. 

Samolyotda «Adolatli yordam» jamg‘armasi ijrochi direktori Yelizaveta Glinka (Doktor Liza) ham bor edi.

Top