09:41 / 25.12.2016
15668

Moskva va Vashington o‘rtasidagi aloqalarni yaxshilashda vositachi rolini kim o‘ynaydi?

AQShning sobiq bosh kotibi Henri Kissinjyer Donald Trampning inaguratsiyasidan keyin Rossiya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashda vositachi rolida ishtirok etishi mumkin. Bu haqida Politico nashri xabar berdi. 93 yoshli tashqi siyosat faxriysining ulkan tajribasi va Rossiya rahbari bilan o‘rnatgan ijobiy munosabatlari bunda muhim o‘rin tutadi. 

Foto: ria.ru

Manba ma'lumotlariga ko‘ra, sobiq bosh kotib o‘zini Moskva va Vashington munosabatlarini yaxshilay olishiga ishonadi. Kissinjyer hattoki ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar sovuqlashgan davrda ham bo‘lg‘usi bosh kotib Reks Tillerson kabi Putin bilan iliq munosabatlarni saqlab qolgan. 

Ba'zi ekspertlar "intellektual" Kissinjyer va keskin hamda to‘g‘riso‘z Trampni nima bog‘lashi mumkinligini tushunmay hayron. Biroq aslida AQShning yangi saylangan prezidenti Sovuq urushning sobiq raqiblarini yaqinlashtirishga urinayotgan "me'mor"ning rejalarni amalga oshirishda ajoyib imkon yaratishi mumkin. 

Kissinjyer uzoq vaqt davomida AQSh va Rossiya munosabatlarini yaxshilashga uringan va bu global barqarorlik olib keladi, deb hisoblagan. Xalqaro siyosatga real qarashlari bilan nom qozongan  Kissinjyer haqida Niderlandiyaning Cicero Foundation tahliliy markazi rahbari Marsel van Gerpen shunday deydi: "U realist. U uchun eng asosiysi — inson huquqlari yoki demokratiya haqidagi suhbatlar emas, balki dunyodagi barqarorlikni saqlash muhim".

Kissinjyer ikki mamlakatni Suriyada yanada ko‘proq  hamkorlik qilishga chaqirdi, zero uning so‘zlariga ko‘ra, dunyo yetakchilarining birgalikdagi sa'y-harakatlari "Yaqin Sharqdagi mojarolarni tartibga solishda o‘rnak bo‘lishi mumkin". Ukraina masalasida esa sobiq davlat kotibining o‘z qarashlari mavjud. Uning fikricha, "Ukrainani Yevropa va jahon hamjamiyatiga shunday integratsiya qilish kerakki, toki bu davlat kelajakda Rossiya va G‘arb o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tasin". 

Bundan tashqari, Amerika tashqi siyosat faxriysining ikki mamlakat rahbari bilan ham iliq munosabatda ekanligi tahsinga sazovordir. U yaqinda CBS telekanaliga bergan intervyusida Vladimir Putin haqidagi taassurotlari bilan bo‘lishdi va uni "Dostoyevskiy romani qahramoni" deb atadi. RF prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunga javoban Kissinjyer Rossiya tarixi va falsafasini yaxshi bilishini ta'kidladi.  

Donald Tramp haqida so‘z ketar ekan, Kissinjyer uning Amerika Qo‘shma Shtatlari tarixida "juda munosib prezident" sifatida qayd etilishiga "katta imkoni" borligini aytdi. Shuningdek u Reks Tillersonning Davlat departamenti rahbari lavozimiga tayinlanishiga ijobiy munosabat bildirdi. Politico nashrida keltirilishicha, Tramp sobiq bosh kotib Kissinjyerning fikrlariga katta e'tibor qaratmoqda. 
 

Top