11:38 / 26.12.2016
11320

Deyarli 40 million so‘m pensiya va nafaqa pullarini talon-toroj etgan pochta xodimi fosh etildi

Foto: ZN.ua

Angor tuman pochta aloqa tarmog‘ida o‘n yillardan buyon ishlab kelib, rahbariyatning ishonchiga kirishga ulgurgan Normat Pirmatov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) Angor pochta aloqa tarmog‘iga qarashli “Karvon” aloqa bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

Uning xizmat vazifasiga unga biriktirilgan hududda yashovchi fuqarolarga pensiya pullari, nogironlik nafaqalari, bir martalik suyunchi pullari va xat-xabarlar, gazeta va jurnallarni obuna bo‘lgan fuqarolarga o‘z vaqtida yetkazib berish kirardi.

Biroq N.Pirmatov o‘z vazifasiga panja orasidan qarab, “davring keldi, sur begim” qabilida ish tutishni afzal bildi. Nafaqa pullarini tarqatishda avvaliga 2 nafar fuqaroni nishonga oldi. Davlat byudjyeti tomonidan ajratilgan nafaqa pullarini bermay, to‘lov vedomostlaridagi imzolarni soxtalashtirdi-da, pullarni o‘zi olib, shaxsiy ehtiyojiga ishlab yubordi. 

Keyingi safar yana bir necha nafaqaxo‘rning pulini o‘zlashtirdi. Nafaqa pullari egalarining N.Pirmatovga bir necha marotaba uchrashib, pullarini ololmagach, ushbu holat yuzasidan SVOJJDLQK departamentining Angor tuman bo‘limiga ariza bilan murojaat qilishdi. Shundan so‘ng N.Pirmatovning “paytavasiga qurt tushdi”.

Fuqarolar A.Qurbonazarov, T.Jovliyev va boshqalarning arizalari yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvda Angor pochta aloqa tarmog‘iga qarashli “Karvon” aloqa bo‘limi boshlig‘i N.Pirmatov mansab mavqeini suiiste'mol qilib, 2016 yilning fevral, mart va aprel oylarida 198 nafar shaxsning 39 mln. 984 ming so‘mlik dafn, boquvchisini yo‘qotganlik pensiya pullari, 16 yoshgacha bo‘lgan nogironlik nafaqasini va boshqa turdagi nafaqa pullarini egalariga bermasdan, to‘lov vedomostlariga ularning o‘rniga o‘zi soxta imzo qo‘yib, hujjatlarni soxtalashtirib, pullarni talon-toroj qilganligi fosh etildi.

Unga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Angor tuman sudi tegishli jazo tayinlab, hukm chiqardi.

Top