11:14 / 27.12.2016
30440

Avtomobil o‘g‘irlaganlar uchun javobgarlik kuchaytirildi

Foto: Kun.uz

2016 yil 27 dekabridan O‘zbekistonda transport vositalarini o‘g‘irlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. 26 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jinoyat kodeksiga tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzolagan. Mazkur qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 6 oktabrda qabul qilingan, 12 oktabrda Senat tomonidan tasdiqlangan edi, deb yozmoqda Gazeta.uz sayti. 

Shunday qilib, JKning yangilangan 267-moddasiga ko‘ra, transport vositasini o‘g‘irlagan shaxs 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Bungacha, ushbu jinoyatni sodir etganlar uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llanilar edi.

Ayni jinoyat,
a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, 
b) bir guruh shaxslar tomonidan avvaldan til biriktirgan holda, 
v) zo‘ravonlik yoki zo‘ravonlikni qo‘llash tahdidi yoxud,
g) transport vositasini o‘g‘irlash yoki zo‘ravonlik bilan egallab olish vositasida amalga oshirilsa, 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanishga asos bo‘ladi. 

Ayni harakat,
a) o‘ta xavfli retsidivist tomonidan, 
b) uyushgan jinoiy guruh yoki
v) transport vositasini bosqinchilik yo‘li bilan egallab olish orqali sodir etilsa, 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etishga asos bo‘ladi. 

Avvalroq, so‘nggi uch yilda avtomobil o‘g‘irlash holatlari 65 foizga o‘sgani xabar qilingan edi. Jinoyat kodeksiga tuzatishlar Bosh prokuratura tomonidan kiritilgan. 

Top