19:40 / 28.12.2016
9737

Qotilliklar sodir etgan Urugvay sobiq diktatori vafot etdi

Foto: Mundo Notícia

Urugvay sobiq diktatori general Gregorio Alvares chorshanba kuni 91 yoshida mamlakat poytaxti Montevideodagi markaziy harbiy gospitalda vafot etdi. U 1981-1985 yillar prezident bo‘lgan. Bu haqda mahalliy El Observador gazetasi xabar berdi.

Alvares 2009 yilda diktatorlik rejimi vaqtida uning ishtirokida sodir etilgan qotilliklar uchun 25 yilga qamalgandi. U amnistiyaga tushmadi va hayotining so‘nggi kunlariga qadar hibsda saqlangan. Diktatorning o‘limiga miokard infarktidan so‘ng kuzatilgan sog‘lig‘idagi salbiy o‘zgarishlar sabab bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Gregorio Alvares 1971 yilda qurolli kuchlar birlashgan qo‘mondonligi boshlig‘i bo‘lgan. General Alvares 1973 yilda harbiy to‘ntarishda ishtirok etib, prezident Xuan Mariya Bordaberrini hokimiyatdan ag‘dargan. U 1978 yilda quruqlikdagi qo‘shinlar bosh qo‘mondoni etib tayinlandi va shu tariqa norasmiy tarzda harbiy hukumat rahbariga aylandi.

Diktatorlik rejimi kasaba uyushmalari va boshqa raqiblariga qarshi siyosat olib borgan. Urugvay hukumati Lotin Amerikasidagi boshqa mamlakatlar rejimlari bilan birgalikda raqiblarini o‘g‘irlab, ularni qiynashgan hamda sud va tergovsiz qatl etishgan. Alvares 1981 yilda mamlakat prezidenti etib tayinlanadi hamda 1985 yilda iste'foga chiqdi.1986 yilda esa mamlakatda so‘l-markaz kuchlari vakili Tabare Vaskes prezident etib saylandi va diktatura vaqtidagi jinoyatlarni tergov qilish jarayonini boshlagan.

 

Top