15:41 / 29.12.2016
14053

AQShning Rossiyaga qarshi navbatdagi sanksiyalari qachon kiritilishi ma'lum bo‘ldi

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Barak Obamaning ma'muriyati “saylovlarga aralashgan” Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bugun kiritishni rejalashtirmoqda. Bu haqda CNN hukumat rejalaridan xabardor amerikalik amaldorlarga asosan xabar bermoqda.

Telekanal manbalarining so‘zlariga ko‘ra, yangi sanksiyalar amaldagi cheklovlarni kengaytirish va diplomatik darajadagi choralarni amalga tatbiq etishni nazarda tutadi. Shuningdek, telekanalning xabar berishicha, AQSh hukumati bir necha “maxfiy” choralarni ham qo‘llaydi.

“Taxminlarga ko‘ra, yangi sanksiyalar doirasida yolg‘on ma'lumot tarqatish bilan shug‘ullangan rossiya kampaniyasiga aloqador ma'lum bir kishilar nomi oshkor etiladi”, - deb xabar qiladi CNN.

Avvalroq, amerikalik senator Lindsi Grem Rigadagi chiqishi davomida “kongress Rossiyaning saylovlarga aloqadorligini tekshiruvdan o‘tkazadi va har ikki partiya tomonidan tasdiqlangan yangi sanksiyalar Rossiya va shaxsan prezident Vladimir Putinga qattiq zarba bo‘lib tushadi”, deya aytib o‘tdi (Reuters agentligidan iqtibos).

Telekanalning aniqlashtirishicha, AQSh javobi yanvarda Barak Obamaga razvedka tomonidan taqdim etiladigan hisobotga bog‘liq bo‘lmaydi. Taxminlarga ko‘ra, bu hisobot ichida “Xitoyning 2008 va 2012 yillardagi kiberhujumlari haqidagi maxfiy razvedka ma'lumotlari, shuningdek rossiya maxsus xizmatlari tomonidan 2016 yilgi prezidentlik kampaniyasi vaqtida yolg‘on axborot tarqatilishi bilan bog‘liq xabarlar” bo‘ladi.

Yangi choralar AQSh hukumati tomonidan muhokama qilinganidan so‘ng ikki oy o‘tib kiritilishi mumkin. 

Ma'lumot uchun, AQSh bir necha bor Rossiyani saylovlarga aralashganlikda ayblagandi. Barak Obama esa o‘zining har yilgi matbuot anjumanida Vladimir Putinni “aralashuvlarni to‘xtatish”ga shaxsan chaqirgani haqida ma'lum qildi. Bu holat Demokratik partiya serverlarining buzib kirilishidan so‘ng yuz bergan.

Top