19:51 / 29.12.2016
59984

Shekspir ko‘chasidagi lo‘lilar fojiasi yoxud 12 yoshli ona hikoyasi

Foto: L!FE

Yekaterinburgda ijtimoiy vasiylik organi 12 yoshli homilador qizni lo‘lilar qishlog‘idan olib ketdi. Uning eri va katta yoshli qarindoshlari qizni uyga qaytrishmoqchi. LIFE nashri shu haqida ma'lumot berdi

Qizning 16 yoshli turmush o‘rtog‘i Petro uni qaytarishlarini talab qilmoqda. Petro usiz yasholmasligi va o‘zini qo‘yishga joy topa olmayotganini ta'kidlamoqda. "Nima uchun meni undan ayirishdi?" deydi u tushuna olmay. 

Petro Yekaterinburgda tug‘ilgan. U shu yerda, Shekspir ko‘chasida yashovchi lo‘li. Ikki yil avval, ya'ni 14 yoshida u 10 yoshli omsklik qiz bilan tanishib qolgan. Qizcha xolasinikiga mehmonga kelgan bo‘lgan. 

"Uni bir ko‘rishdayoq yoqtirib qoldim. Biz ikki hafta birga sayr qildik, men uni shirinliklar va gullar bilan siyladim, u istagan narsalarini sotib oldim, kinoga bordik. Shundan so‘ng ota-onamga uylanmoqchi ekanligim haqida aytdim. Ular qizning yaqinlari bilan shu mavzuda gaplashishga ketishdi", - deydi Petro. 

Manbaga ko‘ra, ota qizi Laurani yolg‘iz tarbiya qilgan, shu sababmi qizni bajonidil ularga topshirgan. Katta to‘y bo‘lib o‘tgan. 

Ular Petroning ota-onasi bilan birga yashashgan. To‘ydan bir yarim yil o‘tgach, farzandli bo‘lishga qaror qilishgan. Dekabr oyida 12 yoshli Laura o‘zini yomon his qila boshlagan va og‘riqdan hushidan ketgan. Tez yordam mashinasi chaqirilgan. Shifokorlar qizning 18 haftalik homilasi borligini ma'lum qilishgan. Shundan keyin qizni voyaga yetmaganlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirishgan, hujjatlar esa Tergov qo‘mitasiga topshirilgan. 

Petroning so‘zlariga ko‘ra, qiz har kuni unga qo‘ng‘iroq qilib yig‘laydi. 

Laura joylashtirilgan markazda tashqaridan kelgan kishilarning u bilan muloqot qilishiga yo‘l qo‘yilmadi, zero buning uchun vasiyning ruxsati kerak, u esa yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, tergov qo‘mitasidagi manbaga ko‘ra, qiz xotirjam, boshqa bolalar bilan oson til topishgan. Uning qarindoshlari markazga kiritilmadi, chunki ularning qizga qarindoshliklarini isbotlovchi biror bir hujjat yo‘q. Umuman olganda, qizning ham hech qanday hujjati yo‘q. Markaz xodimining so‘zlariga ko‘ra, Lauraning ahvoli yaxshi. Xodimlarining deyarli barchasi bu vaziyatdan hayratda - bu ular duch kelgan birinchi shunday holatdir. 

Qizning o‘zi hammasi ikki tomonning roziligi bilan bo‘lganligini ta'kidlamoqda. U Petro va opasi haqida ko‘p gapiradi, uyiga ketishni xohlaydi. Laura tug‘ruq jarayonidan qo‘rqayotgan bo‘lsa-da, o‘zi haqida bo‘lg‘usi ona sifatida so‘zlamoqda. 

Bu haftada Petroning ota-onasi o‘smirni mamlakatdan olib ketgan. Lo‘lilar qishlog‘ida esa bu mavzu katta muhokamaga sabab bo‘lmoqda. 

"Bu qanday jazo bo‘ldi?, - deya qichqiradi ayollardan biri. - Bizning odatlarimiz shunday! Lo‘lilar o‘z bolasini tashlab ketganini hech eshitganmisiz? Hech qachon bunday bo‘lmagan! Egri yo‘lga kirib ketmasligimiz uchun hammamizni erta turmushga berishgan. Nima, endi hamma lo‘lilarning bolasini markazga olib ketishadimi?"

"Ular bir-birlarini sevishardi. Endi esa ularning hayotini barbod qilishdi!", - deydi Petroning otasi Damir. 

IIV bosh boshqarmasining Sverdlovsk viloyati bo‘yicha matbuot xizmati rahbari Valeriy Gorelixning so‘zlariga ko‘ra, qizning hech qanday hujjatlari yo‘q va uning homiladorligi og‘ir kechmoqda - aynan shu sababli ular Laurani maxsus markazga joylashtirishgan. Politsiya to‘plangan ma'lumotlarni mazkur ish yuzasidan protsessual qaror qabul qilish uchun Respublika Tergov qo‘mitasining hududiy bo‘linmasiga yo‘llagan. 

Rossiya tergov qo‘mitasining Sverdlovsk viloyati bo‘yicha tergov boshqarmasi rahbari Shulga Aleksandr Vladimirovichning ma'lum qilishicha, hozirda RF Jinoyat Kodeksining 131-moddasiga muvofiq qo‘zg‘atilgan mazkur  ish yuzasidan tekshiruvlar yo‘lga qo‘yilgan. Kompleks tergov harakatlari doirasida voqeaga oydinlik kiritilmoqda. Shuningdek voyaga yetmaganlarga nisbatan qonunbuzarlik holatlarining sabablarini o‘rganish bo‘yicha profilaktika choralari qo‘llanishi ta'kidlandi. 

Top