19:58 / 31.12.2016
7985
Xitoyda inson tana a'zolarini sotish bilan shug‘ullangan guruh sudlandi
Foto: Fotolia/ Fotokon

Xitoyning Shandun viloyati sudi 16 kishidan, jumladan tibbiy xodimlardan iborat guruhni inson tana a'zolarini sotgani uchun 5 yilgacha qamoq jazosiga mahkum qildi, deb xabar bermoqda "Sinxua" axborot agentligi. 

Tszinan shahri sudi ma'lumotlariga ko‘ra, bir guruh shaxslar 2014 yil noyabridan boshlab internet orqali Xitoyda o‘z buyraklarini sotmoqchi bo‘lganlarni topib, ularda kerakli tahlillar o‘tkazgan. 

Buyragini sotmoqchi bo‘lgan shaxs barcha jarayonlardan o‘tgach, guruh tarkibidagi shifokorlar Feychen shahrida tana a'zosini olish bo‘yicha noqonuniy operatsiya o‘tkazganlar. Donorga buyrak uchun 40 ming yuan (6,5 ming dollarga yaqin) to‘lanib, unga muhtoj bo‘lganlarga esa 400 ming yuandan 600 ming yuangacha (86 ming dollar) narx aytilgan.

Sud 16 kishini, jumladan ikki jarroh, bir anesteziolog, hamshira va shifokor yordamchisini tana a'zolarini noqonuniy sotishni tashkil etganlari uchun 5 yilgacha qamoq jazosiga mahkum qildi. Jinoyatchilar, shuningdek, 10 ming yuandan 40 ming yuangacha jarima to‘lab berishadi. 

 

Top