18:39 / 31.12.2016
15999

The Guardian: Yaqin Sharqda AQSh emas, balki Rossiya “xo‘jayinlik qilmoqda”

Foto: RIA "Novosti"

Rossiya yangi yilga xalqaro arenadagi eng muhim o‘yinchilardan biri sifatida kirib bormoqda, deb yozadi The Guardian.

Avvalroq, Britaniya tashqi ishlar vaziri Boris Jonson prezident Vladimir Putinni “xalqaro nazardan qolgan kishi” deb atagan bo‘lsa, AQSh prezidenti Barak Obama Moskva “Suriya botqog‘iga botishi”ni bashorat qilgandi. Rossiya, Eron va Turkiyaning Suriyada o‘t ochishni to‘xtatish rejimi borasidagi kelishuvi ushbu taxminlar o‘zini oqlamagani va Yaqin Sharqda Amerika emas, balki Rossiya “xo‘jayinlik” qilayotganini ko‘rsatdi. Bu haqda sharhlovchi Patrik Vintur yozmoqda.

Ko‘pchilik Suriyadagi kelishuv juda ham nozik ekani va tinch muzokaralarga olib kelmasligidan ogohlantirmoqda, deb ta'kidlaydi Vintur. Biroq, Rossiya va Turkiyaning tinchlikparvar missiyasida ijobiy asos bor. Bu vaziyatda to‘rtta muhim omil bor: Suriya aholisi urushdan charchagani, harbiy muvozanatning jiddiy o‘zgargani, muhim o‘yinchilar rolining qayta ko‘rib chiqilishi hamda diplomatik alyanslarning tarkiblari.

Jurnalistning fikricha, harbiy muvozanat Halabda jangarilarning tor-mor qilinishidan so‘ng o‘zgardi. Diplomatik maydondagi muhim o‘zgarishlar AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning Bashar Asadni qo‘llab-quvvatlashiga turtki berishi mumkin. Bundan tashqari, Suriya rejimining eng yirik dushmani – Turkiya Rossiya tarafiga o‘tdi, deb hisoblaydi jurnalist.

Jangarilar bunday vaziyatda o‘z kuchlari va Forz ko‘rfazi mamlakatlariga tayanishlari mumkin. Bu esa Saudiya Arabistoni Amerikaning ishtirokisiz harbiy aralashuvga kirmasligi tufayli katta istiqboldan darak bermaydi.

Rossiya o‘z o‘rnida AQShning mintaqadagi an'anaviy ittifoqdoshlaridan diplomatik va iqtisodiy mulozamatni qabul qilib olmoqda – “Rosneft” aksiyalariga mablag‘ kiritgan Qatar. Mamlakat Rossiya kompaniyasi Amerika va Yevropa sanksiyalari ostida bo‘lishiga qaramay, unga sarmoya yo‘naltirdi.

“Misr ham Moskva bilan o‘zaro munosabatlarda yangi sahifani ochishga tayyor. Shu tariqa, tinchlik yo‘lida g‘ov bo‘lib turgan ko‘plab eski to‘siqlar ko‘z o‘ngimizda yo‘q bo‘lib bormoqda”, - ta'kidlaydi tahlilchi.

Biroq bu Rossiya ancha murakkablashib ketgan mojaroga osongina yakun yasab beradi, degani emas. Gazetaning taxminicha, hal qilinishi lozim bo‘lgan ko‘plab masalalar bor. Masalan, Turkiya hamon Suriya prezidentining iste'fosini talab qilmoqda. Bundan tashqari, jangarilardan aynan kimlarni muzokaralar stoliga chorlash masalasi ham ochiq turibdi. Shuningdek, Eron bilan dushmanlik munosabatlarda bo‘lgan Saudiya Arabistonini taklif etish ham savol ostida turibdi.

Patrik Vintur voqealar rivojini shunday taxmin qildi: Moskva Turkiya prezidenti Erdo‘g‘anga kelishuv taklif qiladi – Suriya shimolidagi kurdlar federatsiyasiga Halabning hukumat qo‘shinlari tomonidan egallanishiga javoban qarshi chiqishi mumkin. Kurdlarning o‘zi esa muzokaralarga chaqirilmasligi bashorat qilindi. Shundan so‘ng ular Barak Obama dunyoni o‘zgartirish borasida faqat quruq gap bilan cheklanganini tushunishadi. Rossiya bunday o‘zgarishlardan keyin paydo bo‘lgan bo‘shliqni egallaydi.

Mavzuga oid
Top