12:14 / 04.01.2017
9554

Bojxona deklaratsiyasini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali to‘ldirish xizmati joriy qilindi

Foto: 1zoom.me

Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan bojxona chegaralari orqali harakatlanadigan jismoniy shaxslar uchun 2013 yilda qo‘mita veb-sayti orqali yo‘lovchi bojxona deklaratsiyalarini to‘ldirish va chop etish xizmati joriy qilingan edi.

Ya'ni jismoniy shaxslar deklaratsiyani PDF formatida saytdan ko‘chirib olishlari, unga tegishli ma'lumotlarni elektron tarzda kiritishlari mumkin. Ma'lumotlarni kiritib bo‘lgach, deklaratsiyaning to‘g‘ri to‘ldirilganligini uning quyi qismida joylashgan “tekshirish” tugmasi orqali tekshirib ko‘rish imkoni mavjud. Agar xatolar aniqlansa, ularni tuzatgach, deklaratsiyani A-5 formatdagi oddiy qog‘ozning mos ravishda old va orqa tomoniga 2 nusxada chop etib, bojxona postida taqdim etish yo‘lga qo‘yilgan. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati ma'lum qilmoqda.

Endilikda jismoniy shaxslar ushbu xizmatning yanada takomillashgan shaklidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham foydalanishlari mumkin:

DBQ veb-saytidan farqli o‘laroq, portalda to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini identifikatsion kod bilan birgalikda onlayn rejimda olishlari va A5 formatida qog‘ozga chop etib, bojxona postida taqdim etishlari mumkin.  

Shuni yodda tutish kerakki, “Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi”ni elektron taqdim etish davlat interaktiv xizmatidan foydalanib onlayn tarzda to‘ldirish uchun “Internet Explorer” brauzeridan foydalanishlari yoki boshqa brauzerlardan foydalangan hollarda deklaratsiyani kompyuterga yuklab olib to‘ldirish uchun “.pdf” formatini o‘qiy oladigan dasturlar (masalan, Adobe Acrobat Reader DC, Adobe Acrobat Pro, Foxit Reader va boshqalar) o‘rnatilgan bo‘lishi lozim.

Natijada jismoniy shaxslar bojxona postlaridagi bayonnomalarni to‘ldirish ustunlarida navbat kutish, o‘zlari tanlagan tildagi blankalarni izlash kabi juz'iy muammolarga duch kelishmaydi hamda ularning vaqti tejaladi.

Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini elektron shaklda to‘ldirish vaqtida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni o‘sha vaqtning o‘zida tuzatish imkoniyati mavjud. Bojxona postlarida qog‘oz shaklida to‘ldirish jarayonida esa xatolikka yo‘l qo‘yilsa, yana yangidan to‘ldirishga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Top