21:13 / 04.01.2017
50047

O‘zbekiston 2017 yilda ayrim soliq stavkalarini saqlab qoldi

O‘zbekiston Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetining 2017 yildagi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari va parametrlari prognozi to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, daromad va qo‘shimcha qiymat solig‘i uchun o‘tgan yilgi soliq stavkasi saqlab qolingan. Shuningdek, yagona soliq to‘lovi, yagona ijtimoiy to‘lov va jismoniy shaxslar daromadiga solinadigan soliq miqdori o‘zgartirilmagan. Bu haqda Nuz.uz xabar qilmoqda.

Hujjatga ko‘ra, 2017 yilda O‘zbekistondagi qo‘shimcha qiymat solig‘i 20 foizlik miqdorda saqlab qolingan. 

Yuridik shaxslarning daromadiga solinadigan asosiy foiz stavkasi 7,5 foizda, tijorat banklari uchun – 15 foizlik ko‘rsatkichdan o‘zgartirilmagan. Kimoshdi savdolari va ommaviy-ko‘ngilochar tomoshalari o‘tkazadigan yuridik shaxslar uchun soliq miqdori 35 foizni tashkil etadi. 

Jismoniy shaxslar uchun daromad solig‘i soliq solishning ikkinchi shkalasi bo‘yicha 7,5 foiz darajada saqlab qolingan. Bunda jismoniy shaxslar soliq solinadigan daromadlarining barcha guruhlari bo‘yicha shkalasi yil boshidagi eng kam oylik ish haqi — 149775 so‘mdan kelib chiqqan holda belgilanadi va bu yil davomida eng kam oylik ish haqi o‘zgarishidan qat'i nazar bir xil qoladi. 

2017 yilda iqtisodiyotning barcha sohalaridagi mikrofirma va kichik korxonalari uchun yagona soliq to‘lovi 5 foizni tashkil etadi. Faqatgina lombardlar (30 foiz) hamda ommaviy-ko‘ngilochar tomoshalarni tashkil etishdan daromad qiluvchi yuridik shaxslar (33foiz) istisno qilinadi. 

Bundan tashqari, mikrofirmalar va kichik korxonalar, fermer xo‘jaliklarining yagona ijtimoiy to‘lov miqdori ham 15 foizlik miqdorida saqlab qolingan. Boshqa soliq to‘lovchilar uchun bu raqam 25 foizni tashkil etadi. 

Rasmiy prognozga ko‘ra, 2017 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun soliq yuki Yalpi ichki mahsulotga nisbatan 18,9 foizga pasayadi. 2016 yilda bu ko‘rsatkich 20,2 foizni tashkil etgan.

Mavzuga oid
Top