12:27 / 04.01.2017
12012

Jinoyat va jazo: Qonunni chetlab qoqilishdi

Foto: Getty Images

Andijon tumanilik Nasrullo Inog‘omov bilan Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan Amir To‘laganov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) qilgan noqonuniy qilmishlari uchun javob berishdi.

“Huquq” gazetasining yozishicha, avvaliga “ORBAY-MAIL DELIVERY” mas'uliyati cheklangan jamiyatni ta'sis etgan ikkovlon rahbarlikka tanishlarini tayinlashadi. Amalda esa MChJni o‘zlari norasmiy ravishda boshqarishadi hamda nafs qutqusiga uchib, daromad topish payiga tushishadi. Jumladan, o‘tgan yil dekabr oyi oxirida MChJ bilan Turkiya davlatining “GOLDEN KARGO” korxonasi o‘rtasida eksport kontrakti imzolanadi.

Kontraktga ko‘ra MChJ pochta jo‘natmalarini O‘zbekiston Respublikasi hududida tashish vazifasini bajarishi lozim bo‘ladi. Ammo ikkovlon tegishli Qonun hujjatlarida belgilangan muayyan imtiyozdan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishni ko‘zlashadi.

Xususan, “GOLDEN KARGO” korxonasining mansabdor shaxslari bilan til biriktirib, Turkiya davlatidan pochta jo‘natmalarini jo‘natish vaqtida pochta jo‘natmalari aslida 24 nafar shaxsga tegishli bo‘lgani holda, aslida mavjud bo‘lmagan 205 nafar kishining ism-familiyasi va manzillari yozilgan shuncha miqdordagi soxta bojxona deklaratsiyalarini rasmiylashtirishgan.

2015 yilning may oyida esa Turkiyadan “ORBAY-MAIL DELIVERY” mas'uliyati cheklangan jamiyat nomiga rasmiylashtirilgan avia hujjatlari va 205 nafar shaxsning nomiga rasmiylashtirilgan 304 mln. 634 ming so‘mlik 1655 kilogramm yuk kelgandan so‘ng, 205 ta bojxona deklaratsiyasidagi ma'lumotlarga umuman to‘g‘ri kelmaydigan ro‘yxatni Turkiyadan qabul qilib olishadi. So‘ngra ta'kidlangan yuklarning yuzaki bojxona ko‘rigidan o‘tkazilishiga erishishadi. Natijada 142 mln. 144 ming so‘mdan oshiqroq to‘lov to‘lanmay, bojxona nazoratidan yashirilgan holda O‘zbekiston Respublikasiga olib kiriladi.

Bundan tashqari, “ORBAY-MAIL DELIVERY” MChJni norasmiy ravishda boshqargan Nasrullo Inog‘omov Amir To‘laganov bilan o‘zaro kelishgan tarzda, MChJning faoliyati bo‘yicha yuritilgan buxgalteriya hisobotlari va boshqa hujjatlarni qasddan yashirib, nobud qilib yuborgan.

Mo‘may daromad ilinjida jinoyatga qo‘l urgan har ikki qonunbuzarga sud tomonidan qilmishlariga yarasha tegishli jazo tayinlandi. Shuningdek, ish bo‘yicha ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan 304 mln. 634 ming so‘mlik kiyim-kechak va boshqa xo‘jalik-maishiy tovarlar davlat foydasiga o‘tkazildi.

Top