09:39 / 05.01.2017
6377

BMT: Damashqning 5,5 mln lik aholisi suv ta'minotisiz qolmoqda

Foto: TASS

Suriya poytaxti Damashq va uning atrofidagi joylardagi 5,5 mln lik aholi shaharning suvga ehtiyojining 70 foizini ta'minlovchi chashmalar joylashgan Vadi-Barad vodiysidagi jangovar harakatlar tufayli 22 dekabrdan beri markaziy suv ta'minotidan uzilib qoldi. Bu haqda jurnalistlarga BMT bosh kotibining rasmiy vakili o‘rinbosari Farxon Haq ma'lum qildi. 

Haqning aytishicha, shu sababli ichimlik suviga narxlar 6-10 martaga oshib ketgan, uning tanqisligi esa yuqumli kasalliklarning tarqalishi bilan xavf solmoqda.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, Damashqda aholining minimal ehtiyojlarini ta'minlash rejasi amalga oshirilishi e'lon qilindi. Yuk mashinalarida maktablar, shifoxonalar va novvoyxonalarga, bir qator tumanlarga suv solingan sisternalar yetkazilmoqda. 

BMT tomondan Damashqda 120 ta suv qudug‘i tiklandi, bu esa shaharning suvga ehtiyojining uchdan bir qismini ta'minlaydi. Bu quduqlar butun Damashqdagi yagona suv manbasi bo‘lib qolmoqda. BMT Suriya hukumatiga suv tozaligini tekshiruvchi uskunalar, nasos ishlarini ta'minlovchi generator va ularga yoqilg‘i taqdim qilgan.

Damashqni suv bilan ta'minlovchi asosiy manba Vadi-Barad vodiysidagi Ayn-al-Fiji chashmasi hisoblanadi. Dekabrda jangarilar magistral suv quvurini portlatgandan keyin suv ta'minoti izdan chiqqan.

Top