11:32 / 05.01.2017
45219

Moliya vaziri va vazirlikning vakolatlari kengaytirildi

O‘zbekiston Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-son qarori bilan moliya vaziri va vazirlikning vakolatlari kengaytirildi. Bu haqda Norma xabar bergan.

Unga binoan moliya vaziriga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining ijro etuvchi apparati tuzilmasiga, uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlari tuzilmasiga tasdiqlangan xodimlar umumiy cheklangan soni doirasida zarur holatlarda o‘zgartirishlar kiritish huquqi berildi. (Ilgari buning uchun Prezident tomonidan qaror qabul qilinishi talab etilardi).

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi haqidagi nizomga kiritilgan o‘zgarishlar va qo‘shimchalarga ko‘ra u soliq va bojxona qonunchiligidagi o‘zgarishlarga, daromad keltiruvchi tarmoqlar korxonalarining tovar (ish, xizmat)larini sotish hajmlari va narxlariga, soliq qarzdorligi summasiga bog‘liq holda, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda davlat soliq xizmati organlari tomonidan joylarda tushumlarni ko‘paytirish rezervlari safarbar qilinishi va oldingi hisobot choraklari uchun yetkazilgan daromadlar prognozlarini bajarish bo‘yicha chora-tadbirlarning qabul qilinishini inobatga olgan holda har hisobot choragi yakunlari bo‘yicha byudjyetlar daromadlari prognozlariga o‘zgartirishlar (aniqlashtirishlar) kiritish huquqini qo‘lga kiritdi.

Bungacha vazirlikning mahsulotlarni sotish hajmlari va soliq stavkalarining o‘zgarishi bilan bog‘liq daromadlar va daromad manbalari bo‘yicha viloyatlar bo‘yicha o‘zgarishlar kiritish huquqi ko‘zda tutilgan edi, ammo byudjyetlar daromadlari prognozlariga tuzatishlar kiritish haqida so‘z bormasdi. Bundan tashqari, bunday tuzatishlar kiritishga yo‘l qo‘yiladigan shart-sharoitlar batafsil tartibga solingan.

Top