20:57 / 06.01.2017
18200

O‘zbekiston Respublikasi oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda boj-tarif omili katta ahamiyatga ega

Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida (BMT) Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ni tashkil etilishi bilan dunyo aholisining oziq-ovqat tanqisligi  masalasiga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda.

Xususan, BMT tashabbusi bilan 1996 yilda “Butunjahon oziq-ovqat xavfsizligi Rim deklaratsiyasi” hamda BMTning 2000 yilda “Ming yillik deklaratsiyasi” qabul qilinib, unga ko‘ra, to‘yib ovqatlanmaydigan jahon aholisi sonini 2015 yilga borib ikki barobarga qisqartirish nazarda tutilgan. FAOning statistik ma'lumotlariga ko‘ra, istiqbolni o‘ylab qilingan chora-tadbirlar natijasida, to‘yib ovqatlanmayotgan jahon aholisi 1991 yilda 1010.7 mln. kishini tashkil qilgan bo‘lsa, 2000 yilda 924.3 mln. (1991 yilga nisbatan 9 foizga kamaygan), 2010 yilda 838 mln. (1991 yilga nisbatan 17 foizga kamaygan) va 2015 yilda esa 792,5 mln. kishini tashkil etgan (1991 yilga nisbatan 22 foizga kamaygan). Ya'ni oxirgi 25 yil mobaynida ushbu ko‘rsatkichni tushib borish tendensiyasi kuzatilayotganligini ko‘rishimiz mumkin (diagramma).

Bu borada O‘zbekiston Respublikasida ham aholi oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash bilan bog‘liq iqtisodiy islohotlarni samarali olib borilayotganligi bois, Economist Intelligence Unit kompaniyasi  tomonidan har ikki yilda o‘tkaziladigan “dunyo davlatlarining oziq-ovqat xavfsizligi” halqaro reytingida O‘zbekistonning o‘rni yildan-yilga yuqorilab borayotganligini ko‘rsatmoqda. Jumladan, ushbu kompaniyaning 2014 yildagi reytingida O‘zbekiston 73-pog‘onani egallagan bo‘lsa, 2016 yilda ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakat 64-pog‘onani egallab, 2014 yilga nisbatan 9 pog‘ona yuqoriga ko‘tarilgan.

Bundan tashqari, respublika oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashni tartibga solish bo‘yicha bugungi kunga kelib o‘ndan ortiq me'yoriy-xuquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 4 martdagi “Iste'mol tovarlari importini boj-tariflari orqali  tartibga  solishni takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-1496-sonli (ushbu qaror asosida ichki ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish maqsadida respublikaga import qilinayotgan ayrim iste'mol tovarlariga nisbatan aksiz solig‘ini joriy qilish belgilangan) hamda 2009 yil23 yanvardagi “Oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarilishini kengaytirish va ichki bozorni  to‘ldirishga  oid  qo‘shimcha  chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1047-sonli Qarorlarini (ushbu qaror asosida respublika aholisi uchun 2009 yilda oziq-ovqat mahsulotlari eng muhim turlarini ishlab chiqarishning asosiy parametrlari belgilab berilgan) ko‘rsatish mumkin.

Shunga qaramasdan, bugungi kunda respublika aholisining oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash hamda oziq-ovqat mahsulotlari importini boj-tarif orqali tartibga solish bilan bog‘liq bir-qancha muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan:

- ichki bozorni himoya qilish va davlat byudjyetining daromadlar qismini to‘ldirish masalasiga jiddiy e'tibor qaratilishi va oziq-ovqat tovarlari importiga nisbatan boj stavkalarini yuqori qo‘yilganligi natijasida aholining to‘lov qobiliyatiga salbiy ta'sir o‘tkazayotganligi;

- respublikaga import qilinayotgan oziq-ovqat tovarlari tarkibida sifatsiz mahsulotlarning kirib kelayotganligini (energetik ichimliklar, tarkibida ximikat miqdori bo‘lgan mahsulotlar va b.) ta'kidlash mumkin.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda halqaro reytinglarda yuqori natijalarga erishayotgan Germaniya Federatsiyasi (2016 yilgi reytingda 8 pog‘onani egallagan) tajribasi o‘rganilganda, ushbu davlat o‘zining oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda asosiy e'tiborini iste'molchilar huquqini himoya qilish (uchta yo‘nalish belgilangan: sog‘liqni saqlash, iste'molchilarni aldanishdan himoya qilish va jamoatchilikni axborot bilan ta'minlash), oziq-ovqat mahsulotlarining ekologik xavfsizligini ta'minlash va atrof muhitni himoya qilishga qaratgan. Shuningdek, aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash maqsadida, Germaniya BMTning FAO tashkiloti, “Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti” bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan, bundan tashqari, Germaniya hududida eko-korxonalar (1995 yildan 2014 yilga qadar Germaniyada ekokorxonlarning soni 6.6 mingdan 23 mingtagacha ko‘paygan) tashkil qilingan.

Yuqorida keltirib o‘tilgan muammolarni bartaraf qilish, aholini sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan yetarli miqdorda ta'minlash maqsadida, quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq:

birinchidan, aholining birlamchi ehtiyojidagi oziq-ovqat tovarlariga (un, yog‘, shakar va b.)nisbatan qo‘yilayogan boj stavkalarini aholining to‘lov qobiliyatini hisobga olgan holda belgilash;

ikkinchidan, aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda import qilinayotgan mahsulotlarning sifat darajasiga e'tibor qaratish, bunda aholi salomatligiga jiddiy ta'sir qiladigan tovarlarga nisbatan bojxona to‘lovlari stavkasini oshirish yoki importni cheklash (kvotalash) hamda Germaniya tajribasidan kelib chiqib, iste'molchilar huquqlarini himoya qilishga bo‘lgan e'tiborni yanada kuchaytirish lozim bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida, dunyo aholisining o‘sib borish tendensiyasi kuzatilayotgan bir paytda, ularning oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha halqaro tashkilotlar (FAO, jahon sog‘liqni saqlash tashkilot va b.) shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan islohotlar o‘zining ijobiy natijasini bermoqda. Kelgusida bu boradagi chora-tadbirlarni amalga oshirishni davom ettirish aholining barcha qatlamlarini sifatli, arzon va yetarli darajada oziq-ovqat tovarlari bilan ta'minlashga olib keladi.

V.R.Matyoqubov,

mustaqil tadqiqotchi

Top