12:43 / 06.01.2017
14186

Juma mav'izalari: Xalqqa xizmat – islomiy fazilat

بسم الله الرحمن الرحيم

Ma'lumingizkim, har yili yurtimiz rahbari tomonidan yangi qarshi olinayotgan yil uchun alohida nom beriladi. Bu bilan, shu yilda mazkur mavzuga katta ahamiyat qaratilishi e'lon qilinadi. Zero, xalqimizda “Yo‘l bilmagan manziliga yetolmas”, degan gap bejizga aytilmagan. Har bir ish, har bir kun, har bir yil rejalik bo‘lsa, ko‘zlangan maqsadlarga erishish oson bo‘ladi. Shunga ko‘ra, yangi qarshi olingan 2017 yil ham yurtimiz rahbari tomonidan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, deb e'lon qilindi. Alloh taolo bu yilni xalqimiz uchun manfaatli yil qilsin! Dinimizda insonlarga manfaat yetkazuvchi kishi Alloh taolo uchun eng suyukli bandalardan hisoblanadi deyilgan. Hadisi sharifda shunday marhamat qilingan:

(عَنْ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، أَنَّ النَّبِيَّ صلى الله عليه وسلم، قَالَ: أَحَبُّ النَّاسِ إِلَى اللَّهِ أَنْفَعَهُمْ ... (رواه  الطبراني

ya'ni: Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taologa insonlarning eng suyuklisi – odamlarga eng ko‘p manfaat keltiruvchisidir”, dedilar”. Imom Tobaroniy rivoyat qilgan.

Dinimiz mo‘min-musulmonlarni bir tanu bir jon bo‘lib, o‘zaro bir-biriga yordam berib, manfaat keltirib yashashga targ‘ib qilgan. Hadisi sharifda shunday deyilgan:

(عَنِ النُّعْمَانِ بْنِ بَشِيرٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: قَالَ رَسُول الله صلى الله عليه وسلم: مَثَلُ المُؤْمِنينَ في تَوَادِّهِمْ وتَرَاحُمِهِمْ وَتَعَاطُفِهمْ، مَثَلُ الجَسَدِ إِذَا اشْتَكَى مِنْهُ عُضْوٌ تَدَاعَى لَهُ سَائِرُ الجَسَدِ بِالسَّهَرِ والحُمَّى. (مُتَّفَقٌ عَلَيهِ

ya'ni:  Nu'mon ibn Bashir roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minlarning bir birlariga mehr-muhabbat, rahm-shafqat va mehribonligining misoli xuddi bir jasad kabiki, uning birorta a'zosi og‘risa, jasadning qolgan (a'zolar)i uning uchun bedorlik hamda isitma ila bezovta bo‘lishadi”, dedilar. Muttafaqun alayh.

Ushbu hadisda barcha mo‘min-musulmonlar har doim bir biri bilan o‘zaro mehr-shafqat va yordamda bo‘lishlari hamda biror mo‘min-musulmonga yetgan musibatga qolgan musulmonlar ham mazkur musibat xuddi o‘zlariga yetgandek befarq bo‘masligi lozim ekani bayon qilinmoqda.

Darhaqiqat, dinimiz insonparvar, yaxshilik dinidir. Doim insonlarga manfaat yetkazish, doim yaxshilik qilishga chorlagan dindir. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhmat qilgan:

وَافْعَلُوا الْخَيْرَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ

ya'ni:  “Va ezgu ish qilingiz – shoyadki, najot topsangiz!” (Haj surasi, 77-oyat)

Ushbu oyatda ezgu ish deyilmoqda. Bu degani – sizdan zinhor yomonlik, fasod sodir bo‘lmasin deganidir. Shuningdek, “shoyadki, najot topsangiz!” so‘zi bilan ezgu ish qilish bandalarning najot topishiga sabab ekani bayon qilinmoqda. Alloh taoloning “shoyad” deyishi aniq amalga oshadigan narsani ifodalaydi. Ya'ni, ezgu ish qilgan bandalar aniq najot quchadi, deganidir. Chunki Alloh taolo xohlagan narsalar amalga oshmasdan qolishining mutlaqo ehtimoli yo‘qdir! Bandalarning najot quchishi esa dunyoda ham, oxiratda ham bo‘ladi. Chunki Alloh taolo dunyoning ham, oxiratning ham rabbisidir. Shuning uchun U zot xalqiga xizmat qilgan va yaxshilik qilgan bandalarga dunyoda ham, oxiratda ham mukofot beradi. Demak, jamiyatda biz bilan birga yashayotgan barcha insonlarga yaxshilik qilsak, ularni rozi qilsak, og‘irlarini yengil qilsak, orzu intilishlarini ro‘yobga chiqarsak, albatta ajru mukofotlar olar ekanmiz.

Alloh taolo bandalarini xayrli ishlarni qilishga shoshilishni buyurgan:

...فَاسْتَبِقُوا الْخَيْرَاتِ...

ya'ni: “...Bas, xayrli (savobli) ishlarda (bir-biringizdan) o‘zishga oshiqingiz!...” (Moida surasi, 48-oyat)

Ushbu oyatga ko‘ra, inson doim yaxshi amallar qilishga, yaxshi niyatda bo‘lishga shoshilishi lozimdir. Doim yaxshi ishlar va yaxshi niyatlar bilan yurgan insonning xotimasi ham go‘zal bo‘ladi. Inson hayoti davomida barcha yaxshi ishlarni amalga oshirishga imkoniyati bo‘lmasligi mumkin, lekin barcha yaxshi ishlarni niyat qilishga imkoni bordir. Alloh taolo esa unga niyatiga yarasha savob beraveradi. Chunki Alloh taolo bandalari qilgan xayrli amallarning birortasini ham zoye qilmaydi. Zero, Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:

إِنَّ الَّذِينَ آَمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ إِنَّا لَا نُضِيعُ أَجْرَ مَنْ أَحْسَنَ عَمَلًا

ya'ni: “Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar esa, (bilib qo‘ysinlarki) albatta, Biz yaxshi amallarni qilgan kishining mukofotini zoye qilmasmiz”. (Kahf surasi, 30-oyat)

Darhaqiqat, biz qiladigan amallarimiz va insonlar manfaati yo‘lida qilgan xolis xizmatlarimiz uchun niyatimizga ko‘ra ajr-savobga erishamiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

(عَنْ عُمَرَ بْنِ الْخَطَّابِ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ إِنَّمَا الْأَعْمَالُ بِالنِّيَّاتِ ...( مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ

ya'ni: Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Amallar faqat niyatlarga ko‘radir”, deyotganlarini eshitganman”, dedi.

Ushbu hadisga ko‘ra, qiladigan xayrli ishlarimiz, barcha insonlarga qilgan yaxshiliklarimiz Alloh taoloning huzurida maqbul bo‘lishi hamda unga ajr-savob olishimiz uchun niyatimiz to‘g‘ri bo‘lishi lozimligi ma'lum bo‘ladi. Har bir xayrli ishni amalga oshirishda Alloh taoloning roziligini ko‘zlasak, ajr-savobga erishamiz. Agar niyatimizda Alloh taoloning roziligi bo‘lmasa-da, biror xayrli ishni amalga oshirishga kirishsak, garchi mazkur ishni amalga oshirishga erishsak-da, lekin unga beriladigan ajr-savobdan bebahra qolib ketamiz. Shuning uchun har bir amalda niyatning o‘rni qanchalik muhim ekanini yaxshi anglab yetishimiz lozim bo‘ladi.

Masalan: Kasb qilishdan maqsad dinim kasb qilishga buyurgan, oilamning ta'minoti mening zimmamdagi farzdir, degan niyatda bo‘lishi ham mumkin yoki faqat mol-dunyo orttirishni niyat qilgan bo‘lishi ham mumkin.

Ushbu holatlarda niyatning o‘rni juda ham muhimdir. Alloh taolo bularni niyatiga ko‘ra mukofotlaydi. Niyat va ixlos agar insonning hayoti davomida doim to‘g‘ri qo‘llansa, hayotning har bir daqiqasi ibodatga aylanadi.

Dinimiz yaxshi niyatlar va yaxshi amallar dinidir. Musulmon kishi yaxshi niyatli, solih amallar qiluvchi saodatmand insondir. U niyati orqali hayotining har nafasini, har bir harakatini Alloh uchun ibodatga aylantiradi. Imonli banda shundayin baxtliki, u dinimiz ko‘rsatmalarini bajara borib, niyatini ularga moslab hayot kechirsa, uning oddiy turmushi ham ibodatga, oxiratda ajr-mukofotlarga erishish imkoniyatiga aylanadi. Bir hadisi sharifda bunday deyilgan:

(نِيَّةُ المُؤْمِنِ خَيْرٌ مِنْ عَمَلِهِ  (رواه البيهقى

ya'ni:  «Mo‘minning niyati uning amalidan yaxshidir» (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu aytdilar: «Alloh taolo farz etgan amallarni ado etish eng afzal amal bo‘ladi. Alloh taolo harom etganidan qaytish parhezkorlik (diyonat)dandir. Bu Alloh taolo huzuridagi narsalarda to‘g‘ri, rost niyat qilishdir».

Demak, bizning qilayotgan amallarimizda va xolislik bilan ado etayotgan xizmatlarimizda ixlosning ahamiyati juda ham katta ekan. Ya'ni, dunyoviy ishlarimizni yaxshi niyat va ixlos bilan bajarib ibodatga aylantira olamiz, xuddi shuningdek, ixlossiz qilingan ibodat sababli ajr-savobdan benasib qolib ketishimiz ham mumkin. Alloh barchamizni bunday mahrumlikdan O‘zi asrasin!

Demak, Alloh taolo yo‘lida qilgan yaxshi amallarimizda, xalqqa qilgan xolis xizmatlarimizda, ezgu niyatlarimizda aslo umidsiz bo‘lmasligimiz lozim. Chunki sizning qilgan yaxshi ishingizni va ularga ko‘rsatgan g‘amxo‘rliklaringizni bandalar unutib yuborsa ham Alloh taolo aslo unutmaydi. Alloh taolo O‘z sha'niga munosib albatta, taqdirlaydi.

Amalning yaxshi bo‘lishi uning shariatimiz ko‘rsatmasiga zid bo‘lmasligidadir. Undagi niyatning to‘g‘ri bo‘lishi esa u amaldan Alloh taoloning roziligi niyat qilingan bo‘lishidadir. Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytgan ekanlar: “So‘z amal bilan birga bo‘lmasa foyda bermaydi. So‘z va amal ham niyat bilan birga bo‘lmasa, foyda bermaydi. So‘z, amal va niyat ham agar sunnatga muvofiq bo‘lmasa, foyda bermaydi”.

Ajdodlarimiz “Xalqqa xizmat – oliy  himmat” deb bejiz aytmaganlar. Bugungi kunda hukumatimiz Hurmatli Prezidentimiz yetakchiligida el manfaatini barcha narsadan ustun qo‘yib, fuqarolarimizning og‘irini yengil qilishga tinmay harakat qilmoqda. Birgina Bosh vazirning “virtual qabulxonasi” orqali minglab yurtdoshlarimizning qiynab kelgan muammolarining o‘z yechimini topgani buning yaqqol dalilidir.

Bunga javoban fuqarolarimiz xalqimiz elimiz manfaatlari yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarni e'tiqodan qo‘llab–quvvatlashlari, jamiyatimizning ijtimoiy hayotda faol qatnashishlari lozim. Alloh taolo Qur'oni karimda marhamat qilib aytadiki:

وَابْتَغِ فِيمَا آَتَاكَ اللَّهُ الدَّارَ الْآَخِرَةَ وَلَا تَنْسَ نَصِيبَكَ مِنَ الدُّنْيَا ...

ya'ni: “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin....”- dedilar. (Qasos surasi, 77-oyat).

O‘zgalarga yaxshilik ulashishimiz, ayniqsa, hazrati insonning ikki dunyo saodati va manfaati yo‘lida xizmat qilish, nafaqat ularga, balki eng avvalo o‘zimizga foydalidir. Chunki qaysi bir inson boshqa bir insonga yaxshilik qilib, yordam qo‘lini cho‘zib, uning mushkilini yengil qilsa, Alloh taolo u bandaga O‘zi yordamchi bo‘ladi. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

عن أَبي هريرة  رضي الله عنه، عن النَّبيّ  صلى الله عليه وسلم، قَالَ: مَنْ نَفَّسَ عَنْ مُؤْمِنٍ كُرْبَةً مِنْ كُرَبِ الدُّنيَا، نَفَّسَ الله عَنْهُ كُربَةً مِنْ كُرَبِ يَوْمِ القِيَامَةِ، وَمَنْ يَسَّر عَلَى مُعْسِرٍ يَسَّرَ الله عَلَيهِ في الدُّنْيَا وَالآخِرَةِ، وَمَنْ سَتَرَ مُسْلِماً سَتَرَهُ الله في الدُّنْيَا وَالآخِرَةِ، والله في عَونِ العَبْدِ مَا كَانَ العَبْدُ في عَونِ أخِيهِ، ... (رَوَاهُ مُسْلِمٌ

ya'ni: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir mo‘mindan dunyo g‘am-tashvishlaridan bir g‘amni ketkazsa, Alloh undan Qiyomat kuni g‘amlaridan bir g‘amni ketkazadi. Kim bir qiynalgan kishiga yengillik qilsa, Alloh unga dunyo va oxiratda yengillik qiladi. Kim bir musulmonning (aybini) berkitsa, Alloh taolo dunyo va oxiratda uning (aybini) berkitadi. Banda o‘z birodariga yordam qilsa, Alloh taola unga yordam qiladi. ...”, dedilar. (Imom Muslim rivoyat qilgan).

Alloh taolo barchamizga har bir xayrli ishimizda niyat va ixlosimizning to‘g‘ri bo‘lishiga muvaffaq qilsin! Yurtimizni tinch-osmonimizni musaffo aylasin! “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da ko‘plab xayrli ishlarni amalga oshirishga muyassar qilsin! Jadallik bilan olib borilayotgan islohotlarga O‘zi baraka ato qilsin! Alloh taolo barchalarimizni yaxshi niyatli, yaxshi amalli va ixlosli bandalaridan qilsin! Omin Yo robbal olamin!

Manba: O‘zbekiston Musulmonlari rasmiy veb portali

Top