18:10 / 07.01.2017
10384

2016 yilda yangi avtomobillarni eng ko‘p sotgan kompaniya ma'lum bo‘ldi

Volkswagen 2016 yilda yangi avtomobillarni eng ko‘p sotgan kompaniya bo‘ldi. 

Kompaniya o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra butun dunyo bo‘ylab 10,1 million yangi avtomobilni sotgan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 1,4 foizga ko‘proq, deb xabar beradi focus2move portali.

Ro‘yxatning ikkinchi o‘rnida so‘nggi besh yilda yetakchilik qilib kelgan Toyota kompaniyasi qayd etildi. Yaponiya brendi 2016 yilda 9,94 millionta mashinani sotishga muvaffaq bo‘lgan. Kuchli uchlikni esa Renault-Nissan alyansi yakunlab berdi - 8,51 millionta avtomobil.

Shuningdek, birinchi beshlikdan Hyundai-Kia (8,17 mln) va General Motors (7,97 mln) ham joy olgan bo‘lsa, o‘nlikka Ford (6,29 mln), Honda (4,9 mln), Fiat Chrysler Automobiles (4,86 mln), PSA Group (3,24 mln) va Suzuki (2,85 mln) kirdi.

Ma'lumot uchun, Germaniyaning Volkswagen konserni 2016 yilda "dizelgeyt" mojarosiga aralashib qolgandi. Dvigatellarning zararli moddalarni chiqarishi haqidagi ma'lumotlarni soxtalashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan bu holat nafaqat Volkswagen obro‘siga ta'sir ko‘rsatdi, balki yirik moliyaviy xarajatlarga ham olib keldi. Kompaniya amerikalik mijozlariga taxminan 14 milliard AQSh dollari miqdoridagi tovon pullarini to‘lab berishi kerak. Volkswagen "dizelgeyt" sabab butun dunyo bo‘ylab 11 millionta mashinasini qaytarib olishga majbur bo‘ldi.

Mavzuga oid
Top