17:18 / 09.01.2017
8489

Fransiya NATO tarkibidan chiqishi mumkin

Fransiya NATO tarkibidan chiqishi mumkin. Buning uchun mamlakatdagi so‘l kayfiyatdagi siyosiy harakat yetakchisi Jan-Lyuk Melanshon bo‘lg‘usi prezidentlik saylovida g‘alaba qozonishi kerak. Siyosatchi BFM-TV telekanaliga bergan intervyusida shunday bayonot bergan. 

"Sovuq urush tugadi. Ammo, mudofaa xarajatlari oshmoqda. Bu borada Rossiya emas, aksincha AQSh yetakchilik qilmoqda", - degan Melanshon.

"Shu sababli, men prezident sifatida saylansam, Fransiya NATO tuzilmalarini tark etadi. Biz Qo‘shma Shtatlar tomonidan tiqishtirilayotgan harbiy kampaniyalarda ishtirok etishni xohlamaymiz", - degan Fransiya so‘lchilari yetakchisi. 

Melanshon, shuningdek, raketalarga qarshi mudofaa (RQM) tizimlarining Sharqiy Yevropada joylashtirilishini ham tanqid qilgan. 

"Amerika RQM tizimlari harbiy mojaro yuz bergudek bo‘lsa, butun Yevropani xavf ostida qoldiradi", - deya ishonch bildirgan Melanshon.

Fransiya prezidentlik saylovining birinchi turi 23 aprelda bo‘lib o‘tadi. Ikkinchisi 7 mayga belgilangan. 2012 yilgi saylovlarda ham ishtirok etgan Jan-Lyuk Melanshon 11,13 foiz ovoz to‘plab, to‘rtinchi o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘lgan edi. Bu safar ham, ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, u nomzodi yetakchi 5 nafar nomzod ro‘yxatidan o‘rin olgan. 

Top