22:40 / 09.01.2017
6531

Grozniyda Chechenistonning davlatchiligi tiklangani nishonlandi

Foto: TASS

Checheniston Respublikasi 9 yanvarda chechen xalqining davlatchiligi tiklanganining 60 yilligini nishonladi.

"1957 yil 9 yanvarda o‘shandagi Sobiq ittifoq kompartiyasi markaziy qo‘mitasi bosh kotibi Nikita Sergeyevich Xrushevning irodali va adolatli qarori tufayli chechenlar o‘z uylariga qaytish imkoniyatini oldilar. Chechen xalqi ijtimoiy jihatdan oqlangan va barcha huquqlari tiklangan. Bu hodisa tariximizdagi eng esda qoladigan sanalardan bo‘lgan", deb aytdi shu munosabat bilan respublika rahbari Ramzan Qodirov.   

Chechen va ingushlar 1944 yilda Stalin tomonidan deportatsiya qilingandan keyin Chechen-Ingush muxtoriyati tugatilgan. Qodirovning aytishicha, qisqa vaqt ichida chechen xalqi surgunning barcha og‘irliklarini yenga olgan.

"Bugungi kunda Checheniston o‘z xalqining mehnatsevarligi, tashabbuskorligi va faol fuqarolik pozitsiyasi evaziga Rossiyaning eng rivojlangan hududlaridan biriga aylandi. Shahar va qishloqlarimiz zamonaviy ko‘rinish oldi, yangi maktablar, bolalar bog‘chalari va zavodlar paydo bo‘ldi, odamlarning turmush darajasi oshdi. Biz ertangi kunimizga ishonamiz", deb aytgan Qodirov.

Chechenistonning davlatchiligi tiklangani kuni har yili 9 yanvarda nishonlanadi. 1957 yil shu kuni Rossiya oliy kengashi prezidiumining "Chechen-Ingush muxtor respublikasini tiklash va Grozniy viloyatini tugatish to‘g‘risida"gi qarori chop etilgan. Ushbu sana Ramzan Qodirovning farmoni bilan 2010 yildan boshlab nishonlab kelinadi. 

 

Top