17:03 / 09.01.2017
14738

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida tovlamachi elektromontajchilar qo‘lga olindi

Foto: Getty Images

Zokir Mo‘minov hamda Nurilla Nosirovning (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) asl kasbi elektromontajchi. Biri Mirzo Ulug‘bek tuman elektr tarmoqlari korxonasida, ikkinchi poytaxtdagi xususiy korxonalarning birida ishlaydi. O‘zaro suhbatlarining birida Z.Mo‘minov sherigiga qonuniylikka to‘g‘ri kelmasa-da, uncha-muncha daromad topish mumkinligini aytgan edi, N.Nosirov o‘ylab ham o‘tirmay, rozi bo‘ldi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.
Ikkovlon Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “Yagona” ovqatlanish majmuasiga kirib kelishdi.

-  Biz “tuman elektr korxonasi”danmiz. Elektrdan bo‘lgan qarzdorligingiz haqida bildirib qo‘yaylik, deb keldik, - dedi ulardan biri.
-  Iye, shunaqami? Kelinglar, elektrdan qarzimiz bor ekanmi? – so‘radi majmua ish yurituvchisi Botir Islomov.
-  Bor ekan ham gapmi, aka, naqd 5 mln. 200 ming so‘m-a! Tez to‘lamasangiz, oshxonani tarmoqdan uzamiz.

Bu gap B.Islomovning “kapalagini uchirdi”. Arang “yo‘g‘-ye”, deya oldi.

Aslida oshxonaning elektrdan qarzi 856 ming so‘m edi. Ular to‘g‘risini aytishganida, to‘lov tezda amalga oshirilib, muammo hal etilardi. Biroq jarayon bunday ketsa, o‘zlari quruq qolishlarini ham yaxshi bilishardi.
-  Buni yechimi bor, aka. Faqat... isi chiqmasligi kerak.
-  Meni kim deb o‘ylayapsizlar?! Menga yordam berasizlar-u, sizlarni fosh qilamanmi? – dedi ish yurituvchi.
-  Unda eshiting, 2 mln. so‘m evaziga ishingiz hal bo‘ladi. Faqat pulni tezroq yetkazasiz...

Ish yurituvchi avvaliga ularning talabiga ko‘nmadi. Elektr tarmoqlari korxonasiga borib, qarzining qanchaligini bildi va pulni to‘lab, faoliyatini davom ettiraverdi. Mo‘may pul ilinjida bo‘lgan ikki tamagir esa ishni shundoq qoldirishmadi. Oradan bir hafta o‘tgach, yana kelib, do‘q-po‘pisa qildilar. B.Islomov ularning talabini bajarishdan bosh tortdi.

Rejalari amalga oshmagan tovlamachilar oshxonani elektr tarmog‘idan uzib qo‘yishdi. Noiloj qolgan ish yurituvchi ular so‘ragan pulni kechgacha topib berishni va'da qildi.

Shunday so‘ng B.Islomov ularning noqonuniy xatti-harakatlari to‘g‘risida SVOJJDLQK departamentining Mirzo Ulug‘bek tuman bo‘limiga ariza bilan murojaat qildi. Nafsining gapiga kirib, jinoyatga qo‘l urgan Z.Mo‘minov hamda N.Nosirov tovlamachilik yo‘li bilan tadbirkordan 2 mln. so‘m pulni olayotgan vaqtda qo‘lga olindi.

Ular sud tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topilib, axloq tuzatish ishlari jazosiga tortildi.

Top