14:49 / 09.01.2017
15141

Ziyofatdagi fojia yoki o‘z hamtovog‘ini shafqatsizlik bilan o‘ldirgan aka-uka uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi

Foto: Getty Images

Qo‘qonlik aka-uka Rashid va Asliddin (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) otning qashqasi bo‘lib ulgurishgan. Biri muqaddam bezorilik qilib birovga qasddan tan jarohati yetkazgani, tartibga chaqirgan hokimiyat, jamoatchilik vakiliga qarshilik ko‘rsatgani, talonchilik qilgani, biri giyohvandlik moddalarini yetishtirib saqlagani, o‘g‘irlik, firibgarlik jinoyatlarini sodir etgani uchun sudlangan. Ikkovi ham xavfli retsidivist deb topilgan. Asliddinning hamtovog‘i Abdulhapiz ham amnistiya aktiga binoan jazodan ozod etilganiga shukur qilmay, takroran jinoyatga qo‘l urgan, talonchilik qilib sudlangan, 3 yil ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tab kelgan.

“Huquq” gazetasining yozishicha, sudlanuvchilar rasman hech qayerda ishlashmagan. Asliddin o‘zini savdo-sotiqqa urgan, ko‘pqavatli turarjoy binolaridan birining birinchi qavatidagi, turmush o‘rtog‘ining nomida bo‘lgan xonadonni “ofis” qilib olgan. Oziq-ovqat mahsulotlari ulgurji savdosini yo‘lga qo‘ygan tanishi Bahriddin bilan oldi-sotdi, o‘zining tili bilan aytganda, “muomala” qilib turgan. Ma'naviy qashshoqlik, izzattalab, qonunlarni mensimagan aka-uka, og‘aynilar ayshu-ishratga berilishgan. Ichkilikka ruju qo‘yishgan. Oxir-oqibat...

Shu yil bahorda, aniqrog‘i, 13 mart kuni ertalab Asliddin “ofis”ga keldi. Soat o‘n ikkilarda qo‘l telefonida andijonlik qadrdoni Abdulhapiz bilan gaplashdi, ko‘rishadigan joyni tayinladi. “Benazir” kafesida “tomoqni ho‘llab” tamaddi qilishdi. Kafega akasi Rashid, jiyanlari Alijon va Komiljonlarni, pochchasi Ahadjonni chaqirdi. Mehmondorchilik avjiga chiqqanda qo‘l telefoniga “muomala” qilib turadigan o‘rtog‘i Bahriddin telefon qildi. “Mashinamni yuvdiryapman, kelaveringlar gaplashib olamiz”, dedi. Rashid va jiyani Alijon “ofis”ga ketishdi. Asliddin o‘zining mashinasida andijonlik mehmon, pochchasi va jiyani Komiljonni “moyka”ga olib bordi. Abdulhapiz, pochchasi va jiyani “nard” o‘yiniga sho‘ng‘ishdi. Asliddin va Bahriddin o‘zaro ishlarni muhokama qilib olishdi.

“Ofis”da ko‘ngilxushlik davom etdi. Soat kunduzgi ikkilarda Bahriddin mashinasida ulfati Solijon bilan kelib, davraga qo‘shildi. Mehmonlarga oyog‘i qo‘lida xizmat qilayotgan Alijon yana bozor qilib keldi. Spirtli ichimlik va gazaklarni dasturxonga qo‘ydi. Mehmonxonaga chiqib, Asliddinning pochchasi Ahadjon va jiyani Komiljonlarning “nard” o‘yinini tomosha qilib o‘tirdi.
Soat kunduzgi to‘rtlarda Bahriddin mehmonxonaga chiqdi. Sigaret so‘radi.

-  Ana olavering, - dedi “nard”dan bosh ko‘tarmagan Komiljon.
Kayfi taroq Bahriddin unga o‘qraydi. Uning gap ohangi izzat-nafsiga tegdi. 
-  Olib ber dedim senga.

Ichlarida hushyor Alijon to‘shakdagi qutidan sigaret olib uzatdi. Bahriddin sigaretni mijig‘ladi. Komiljonni yoqasidan tortib turg‘azdi.

-  Yur buyoqqa, bilasanmi, men kimman? Bilib olasan hozir, - deya shapaloq urib, dahlizga tortqiladi. Og‘zidan bodi kirib shodi chiqdi. Haqoratlarini eshitgan Asliddin verandadan chiqib keldi.
-  Hov Bahri, bu jiyanim, kayf qilib o‘tiribmiz, nima qilasan davrani buzib, - dedi.
-  He o‘sha sendaqa... – Bahriddin hamtovog‘i Asliddinni ham kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qildi. – Bratishkalarimni chaqiraman, bagajga solib ketishadi buni.

Asliddin dahlizda turgan Bahriddinga tashlanib, unga pichoq sanchib oldi. Verandadan yugurib chiqqan akasi Rashid dahlizdagi tayoqni olib, Bahriddinning ortidan yelkasi, boshiga zarb bilan urdi. Cho‘kkalab qolgach, chap va o‘ng qo‘lini mo‘ljallab tag‘in ikki-uch marta urdi. Bahriddin yerga uzala yiqildi. Rashid uning ikki oyog‘ini ko‘tardi. Jiyaniga “oyog‘iga ur”, deb baqirdi. Komil tayoq bilan boldiriga yana urdi. Pochchasi Ahadjon “bo‘ldi bas”, deya baqirdi. Komil tayoqni tashladi. Andijonlik Abdulhapiz “Nafas olyapti, do‘xtirga olib borish kerak”, dedi. Bahriddin bilan birga kelgan Solijon hamon so‘kinayotgan Asliddinni bilagidan tortib ko‘chaga olib chiqib ketdi. Mashinasida uyiga eltib qo‘ydi. Rashid, Komil va Abdulhapiz Bahriddinni ko‘tarib chiqib o‘zining mashinasiga yotqizishdi. Abdulhapiz rulga o‘tirib, Komil bilan kasalxonaga yo‘l oldi. Qo‘qon shahar tez tibbiy yordam markaziga borib, ichkarida ikki nafar hamshiraga hovlidagi qora rangli mashinada bir odam og‘ir ahvolda yotibdi, unga qaranglar, deya tashqariga chiqdi. Oradan bir necha soat o‘tgandan so‘ng, Komil Asliddinga qo‘ng‘iroq qilib, Bahriddin kasalxonada vafot etganini aytdi.

Mast ahvolda bo‘lgan o‘z hamtovog‘ini shafqatsizlik bilan kaltaklab, pichoqlab o‘ldirgan aka-uka Rashid va Asliddin Qoraboyevlar, ularning jiyani Komil Suvonov, jinoyatni yashirgan Abdulhapiz Soyibov va Alijon Homidovlarning aybi dalillar bilan tasdiqlandi.

Aka-uka qotillar uzoq muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi. Ko‘z o‘ngilarida sodir etilgan jinoyatni ko‘rib-ko‘rmaganga, bilib-bilmaganga olgan A.Soyibov va A.Homidovga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Top