17:14 / 10.01.2017
13293

Yangi turdagi suv hisoblagichlari davlat reyestriga kiritildi 

O‘zbekiston Respublikasi o‘lchash vositalari davlat reyestrida yangi turdagi issiq va sovuq suv hisoblagichlari ro‘yxatga olindi. Bu haqda O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

“TOSHKENT-ZENNER” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan YeTK, YeTW, MTK, MTW, MTHI turdagi issiq va sovuq suv hisoblagichlari 01.189-16 va 01.190-16-son bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘lchash vositalari davlat reyestrida ro‘yxatga olindi. 

“O‘zstandart” agentligi “Metrologiya xizmatlari ko‘rsatish markazi” davlat korxonasida ushbu hisoblagichlarni iqlimiy, vibratsion, portlash xavfsizligi va metrologik xossalarini aniqlash maqsadida davlat sinovlari o‘tkazildi va ijobiy natijalar olindi. 

YeTK, YeTW, MTK, MTW, MTHI turdagi suv hisoblagichlari va ularning modifikatsiyalari quvur yo‘lidan 1 MRa dan yuqori bo‘lmagan bosimda oqib o‘tadigan sovuq va issiq suv hajmini o‘lchash uchun mo‘ljallangan.

Hisoblagichlarning ishlash prinsipi, oqib o‘tayotgan suv oqimining ta'siri ostida aylanadigan parrakning aylanishlar sonini o‘lchashdan iborat. Suv oqimi setka-filtr orqali hisoblagich korpusiga, so‘ng kirgizma quyi qismining perimetri bo‘yicha joylashgan tangentsial teshiklar qatoridan o‘lchash kirgizmasiga tushadi. O‘lchash kirgizmasining ichida maxsus tayanchlarda magnitli parrak o‘rnatilgan. Suv, parrak aylanish zonasini o‘tib, o‘lchash kirgizmasining yuqori qismidagi chiqish tangentsial teshiklardan hisoblagich korpusining qisqa chiqish quvuriga tushadi. Parrakning aylanishlar soni oqib o‘tayotgan suv hajmiga proporsional bo‘ladi.

Top