15:17 / 10.01.2017
33451

Imom Termiziy o‘zining eng mashhur kitobini kim bilan uchrashgandan keyin yoza boshlagan?

Olamlarni yo‘qdan bor etgan, bandalariga O‘zini tanitish uchun payg‘ambarlar yuborgan Alloh subhanahu va taologa hamdu sanolar bo‘lsin!

Bashariyatga Robbini tanitib, ummatlarini ikki dunyo saodati yo‘liga yo‘llagan hidoyatchimiz, shafoatchimiz, hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga durudu salavotlar bo‘lsin!

Alloh azza va jalla O‘zining muborak kalomi Qur'oni Karimni habibi Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil qilgach, ushbu muqaddas ne'matni hech qanday o‘zgarishsiz saqlashni va'da qilib, shunday marhamat qildi:

«Albatta, Zikrni Biz nozil qildik va albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz» (Hijr surasi, 9-oyat).

Robbimizning va'dasi haqdir. Qur'oni Karim o‘n to‘rt asrdan buyon biror harfi o‘zgarmay saqlanib kelayotgan bo‘lsa, qiyomatga qadar ham ana shunday mahfuzdir, chunki u Boqiy Zotning – Parvardigorimizning kalomidir. Ammo ulamolarimiz ushbu oyatda «zikr» deganda nafaqat Qur'oni Karim, balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflari ham nazarda tutilganini aytganlar. Zero, hadislar – ma'nosi Allohdan, iborasi Muhammad alayhissalomdan bo‘lgan hikmatlar, ko‘rsatmalardir.

Ushbu fikrning naqadar haqligini hayotning o‘zi namoyon qildi, shonli tariximizning o‘zi tasdiqladi. Qur'oni Karim dastlab Nabiy alayhissalomning qalblariga naqshlanib, so‘ng u zotdan bevosita yod olgan ming-minglab sahobalarning diliga jo bo‘lgani, avloddan-avlodga og‘izma-og‘iz o‘tib, saqlanib kelayotganidek, Payg‘ambarimizning hadisi shariflari ham dastlab ashobi kirom, so‘ng tobe'in va taba'a tobe'inlar orqali avloddan-avlodga og‘izma-og‘iz saqlanib kelmoqda. Bu qadar aql bovar qilmas katta miqdordagi ma'lumotlarning asrlar davomida biror harfi o‘zgarmay, biror so‘z qo‘shilmay yoki tushib qolmay saqlanib kelishi yuqoridagi oyati karimaning mo‘'jizasidir.

Har bir ishi benihoyat hikmat bo‘lgan Robbimiz bu muborak va'daning ro‘yobi uchun barcha kerakli shart-sharoitni, muhitni muhayyo qilib, bandalari orasidan bu ulkan mas'uliyatni sharaf bilan ado eta oladigan zotlarni ham dunyoga keltirib qo‘ydi. Darhaqiqat, Qur'oni Karimni yod olib, qalbiga jo qilib, uni kechayu kunduz o‘qiydigan, uni o‘rganadigan va o‘rgatadigan qorilar silsilasi dunyoga kelib turganidek, bir necha yuz minglab hadisi shariflarni to‘plab, ularning matnini so‘zma-so‘z, harfma-harf, roviylarini nomma-nom yod olgan muhaddislar silsilasi ham yetishib chiqdi. 

Ne baxtkim, Islom olamida eng mashhur bo‘lgan, eng sahih hadislarni to‘plagan, hadis ilmiga eng katta hissa qo‘shgan muhaddislarning ko‘pchiligi aynan bizning buyuk ajdodlarimizdir, diyorimizda tug‘ilib-o‘sgan ulug‘ zotlardir. 

Yurtimiz Islom nuri ila munavvar bo‘lgan asr insoniyat tarixida Sharq uyg‘onishi davri deb ataladi. O‘sha asrdan boshlab diyorimizda butun dunyoga mudarris bo‘lgan, butun Islom olamida e'tirof qilingan buyuk allomalar yetishib chiqa boshlagan. Xususan, Islom ummatiga Qur'oni Karimni tafsir qilish hamda sahih hadisi shariflarni yetkazish va sharhlash borasida buyuk vatandoshlarimizning xizmati beqiyos bo‘lgan.

Ana shu buyuk muhaddislardan biri – buyuk vatandoshimiz imom Termiziy rahmatullohi alayhdir. Bu zotning to‘liq ismi shariflari Abu Iso Muhammad ibn Iso az-Zahhok as-Sulamiy al Bug‘iy at-Termiziydir. Imom Termiziy Movarounnahrning mashhur muhaddislaridan bo‘lib, hijriy 209 (milodiy 824) yili Termiz yaqinidagi Bug‘ qishlog‘ida tug‘ilgan. Termiz shahri o‘sha davrda Samarqand va Buxoroni Balx kabi qadimiy ilm markazlari bilan bog‘lab turuvchi shahar bo‘lgan. Shu bois, u yerda ham ilm-ma'rifat yuksak darajada rivojlangan. Bo‘lajak buyuk muhaddis dastlabki ta'limni Termiz shahrida oladi. Bolaligidan nihoyatda ziyrakligi, misli ko‘rilmagan o‘tkir xotirasi, noyob iqtidori bilan tengqurlaridan ajralib turgan Termiziy turli fanlarni, ayniqsa hadis ilmini alohida qiziqish bilan egallaydi. U zamonasining buyuk muhaddislaridan hadis tinglash maqsadida Islom olamining ko‘pgina mamlakatlariga safar qiladi, uzoq yillar Iroqda, Isfahon, Xuroson, Makkai Mukarrama va Madinai Munavvarada yashaydi.

Manbalarda yozilishicha, hadislarni to‘plashda va o‘rganishda Termiziy har bir qulay fursatdan unumli foydalangan. U yo‘lda, safarda bo‘lganda ham yoki bir joyda muqim turganda ham o‘z ustozlaridan, uchratgan roviylaridan eshitgan hadislarni darhol yozib olib, ularni tartibli ravishda, alohida-alohida qayd qilib borgan. O‘z davrining yetuk muhaddis olimi sifatida tanilgan Termiziy ko‘pdan-ko‘p shogirdlarga ustozlik ham qilgan.

Alloh taolo imom Termiziyga ulug‘ allomalar bilan suhbatlashish, ularga shogird bo‘lish baxtini nasib etdi. Imom Buxoriy, imom Muslim, imom Abu Dovud hamda Basra, Kufa, Xuroson, Hijoz shayxlari, Qutayba ibn Sa'id, Ishoq ibn Muso, Mahmud ibn G‘aylon kabi mashhur olimlar imom Termiziyning ustozlaridir. 

Imom Termiziy Abdulloh ibn Muoviya Jumahiy, Ali ibn Hojar Marvaziy, Suvayd ibn Nasr ibn Suvayd Marvaziy, Qutayba ibn Sa'id Saqafiy Abu Roja, Abu Mus'ab Ahmad ibn Abu Bakr Zuhriy Madaniy, Muhammad ibn Abdulmalik Abu Shavorib, Ibrohim ibn Abdulloh ibn Hotam Hiraviy, Ismoil ibn Muso Fazoriy Suddiy kabi shayxlardan hadislar eshitib, o‘zi ham ulardan hadislar rivoyat qiladi.

Imom Termiziyning favqulodda o‘tkir zehni va kuchli xotirasi tillarda doston bo‘lgan. Rivoyat qilishlaricha, shayxlardan biri Imom Termiziyni imtihon qilish uchun u kishiga qirqta g‘arib hadisni aytib, savol beradi. Imom Termiziy qirqta hadisni birorta harfda ham xato qilmay, avvalidan oxirigacha yoddan o‘qib beradilar. Shayx buni ko‘rib, «Senga o‘xshagan odamni ko‘rmaganman», deydi.

Imom Termiziy hijriy 250 yili Nishopurda Imom Buxoriy bilan uchrashib, u zotning huzurlarida hadis ilmini chuqur o‘rganadi, ustozning dargohida kamol topadi. Imom Buxoriy Termiziyga qarata: «Sen mendan foyda olganingdan ko‘ra men sendan ko‘proq foyda oldim», deganlar.

Imom Termiziy o‘zining «Al-Kitabul aziym» deb nomlangan eng mashhur kitobini imom Buxoriy bilan uchrashgandan keyin yoza boshlagan. Bu kitob ko‘proq «Sahihi Termiziy», «Sunani Termiziy» deb ataladi. «Sunani Termiziy» kitobi g‘oyatda mo‘'tabar majmua bo‘lib, takrorlari oz, tartibi go‘zal, o‘ziga xos uslubga ega ulkan ilmiy asardir. Abu Ali Mansur ibn Abdulloh Xolidiy imom Termiziyning «Al-Jomi'us-Sahih» kitoblarini sifatlab: «Kimning uyida mana shu kitob bo‘lsa, uning uyida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam so‘zlayotgandek bo‘ladilar», degan. Butun dunyo musulmonlari, Islom ulamolari imom Termiziyning ushbu kitobini «Olti sahih»ning to‘rtinchisi deb e'tirof qilganlar. 

Ibn Atiyya ushbu asar haqida: «Mening nazdimda Imom Buxoriy va imom Muslimning kitobiga qaraganda Imom Termiziyning kitobi nurliroq, tushunarliroq, chunki ikki imomning kitoblaridan faqatgina ilm va ma'rifat ahligina foydalana oladi, xolos», degan. 

Imom Termiziyning «Sunan» kitobida imom Buxoriy va imom Muslimlarning kitoblariga kiritilmagan sahih hadislar ham bor.  

«Sunani Termiziy» kitobiga Abu Bakr ibn Arabiy, Suyutiy, Safiyurrahman Muborakfuriy kabi qator Islom ulamolari ko‘plab sharh va muxtasarlar yozishgan.

Shuningdek, Imom Termiziy «Shamoilun-Nabaviya», «Ilalu mufrad», «Al-ilal fil-hadis», «Ilalu fiy axiri jomi'», «Kitabuz-zuhd», «Kitabut-tarix», «Asmaus-sahoba», «Kitabu fil asaril mavqufa», «Risola fil-xilof val-jadal», «Kitabul-asmo val-kuna» kabi ko‘plab asarlarni ham yozib qoldirgan. 

«Shamoyilun-Nabaviya» Termiziyning mashhur asarlaridan biri bo‘lib, u Payg‘ambar alayhissalomning shaxsiy hayotlari, u zotning surat va siyratlari, ajoyib fazilatlari, odatlariga oid hadisi shariflardan iboratdir. Bu o‘rinda shuni ta'kidlash kerakki, Payg‘ambar alayhissalomning fazilatlari, odatlari haqidagi hadislarni to‘plash bilan juda ko‘p muhaddislar shug‘ullanganlar va bu xildagi hadislar turli-tuman kitoblardan o‘rin olgan. Lekin Termiziy asarining afzalligi shundaki, u hadislarni muntazam ravishda to‘plab, muayyan tartibga solgan va yaxlit bir kitob holiga keltirgan. Ushbu asarga bir qancha sharhlar ham yozilgan. Shu bilan bir qatorda ushbu asarning tili ravon, uslubi g‘oyatda oddiyligini ham qayd qilib o‘tish o‘rinlidir.

Imom Termiziy o‘zining hayotini, butun borlig‘ini, iqtidorini Islom dinining rivojiga, hadis ilmining ravnaqiga baxshida etdi. Hayotining asosiy qismi hadis to‘plash va rivoyat qilish bilan o‘tdi. Imom Termiziy chinakam olim, zohid sifatida kechayu kunduz ilm bilan, toat-ibodat bilan mashg‘ul edi, hatto ko‘p yig‘laganidan hayotining so‘nggi ikki yilida ko‘zi ojiz bo‘lib qolgan edi.

Imom Termiziy hijriy 279 (milodiy 892) yili rajab oyining 13 kechasi o‘zi tug‘ilgan Bug‘ qishlog‘ida vafot etdi. U zotning qabri Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidadir.

Hofiz Zahabiy «Mezonul-i'tidol» kitobida Termiziyning hijriy 279 yilda vafot etganlarini zikr qilib: «Vafot etgan vaqtlarida yetmish yoshda edilar», degan. 

U zotning shogirdlaridan biri: «Imom Buxoriydan keyin Xurosonda ilm va zehn, zuhd va taqvoda Abu Iyso Termiziyga teng inson qolmadi», degan.

Mustaqillik yillarida buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, ular abadiy orom topgan maskanlarni obod qilish borasida beqiyos ishlar amalga oshirildi. Jumladan, imom Termiziyning hayoti va ilmiy faoliyatini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish ham ancha kuchaydi. Allomaning qator asarlari ona tilimizga tarjima qilinmoqda, ilmiy risolalar va maqolalar yozilmoqda, tadqiqotlar olib borilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov shunday degan edi: «Ulug‘ vatandoshimiz – Abu Iso Muhammad ibn Iso Termiziyning merosi, jumladan, «Sunani Termiziy» asari ham musulmon olamida yuksak qadrlanadi. Allomaning asrlar davomida olimu fuzalolarga dastur bo‘lib kelgan insof va adolat, insonparvarlikni targ‘ib etuvchi g‘oyalari hozirgi murakkab davrimizning ko‘plab axloqiy-ma'naviy masalalarini hal etishda ham muhim ahamiyat kasb etishi bilan e'tiborga molikdir». O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida ham imom Termiziyning Sherobod tumanidagi ziyoratgohida ulkan bunyodkorlik ishlarini jadal davom ettirish vazifasi kun tartibiga qo‘yildi.

O‘zbekiston – buyuk allomalar yurti deb ko‘p aytamiz, faxrlanamiz. Darhaqiqat, bobokalonlarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi. Endigi vazifamiz esa bobokalonlarimizning ishlarini davom ettirish, ularning yo‘lini tutish, Vatanimizning sha'nini butun dunyoda yuksaklarga ko‘taradigan solih amallar, xayrli ishlar qilishdir. Buning uchun bugungi kunda barcha  shart-sharoitlar muhayyo, faqat xolis niyat, ishtiyoq va ezgu maqsad, tinimsiz mehnat kerak. 

Alloh taolo buyuk vatandoshimiz imom Termiziyga olimlarga, solihlarga, zohidlarga va'da qilgan ne'matlarini ato etsin! Jannatmakon yurtimizdan to qiyomatga qadar ham dinimizga bu qadar katta xizmat ko‘rsatadigan, ilm-ma'rifatning rivojiga salmoqli hissa qo‘shadigan zotlar yetishib chiqishini nasib aylasin!

Rahmatulloh SAYFUDDINOV
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi

Mavzuga oid
Top