08:17 / 15.01.2017
16707

OAV Tramp Putin bilan qayerda va qachon uchrashishi mumkinligidan xabar topdi

Foto: Reuters

AQSh prezidenti etib saylangan Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Islandliya poytaxti Reykyavikda uchrashmoqchi va Rossiya bilan yadroviy qurollarni cheklash bo‘yicha kelishuvlarni tayyorlash bo‘yicha ishni boshlamoqchi. Bu haqda Sunday Times nashri xabar berdi, deb ma'lum qildi RIA “Novosti” axborot agentligi.  

Avvalroq Tramp Wall Street Journal nashriga intervyusida inauguratsiyasidan keyin Putin bilan uchrashmoqchiligini aytgandi. Putin katta matbuot-anjuman berganda ikki davlat oldida turgan barcha masalalarni agar Trampdan taklif tushsa, AQShga borib muhokama qilishga tayyorligini bildirgan. 

Nashrda ta'kidlanishicha, Tramp va uning jamoasi britaniyalik amaldorlarga Putin bilan Reykyavikdagi uchrashuv Trampning birinchi xorijiy safari bo‘lishini ma'lum qilishgan. Bu rejalarni Rossiyaning Londondagi elchixonasida muhokama qilgan nashr manbalarining aytishicha, Moskva sammitning o‘tkazilishiga rozilik bermoqchi. Biroq RIA “Novosti” axborot agentligi Rossiya elchixonasining bu masala bo‘yicha rasmiy tasdig‘iga ega emas.  

Islandiya tashqi ishlar vazirligi Putin va Trampning uchrashuvini tashkillashtirishga tayyorligini, biroq hozircha tegishli so‘rovni olmaganini ma'lum qildi. Bu haqda Iceland Monitor nashri xabar bergan. 

"Islandiya hukumati bu haqda so‘rov olmagan. Agar Vashingtondagi amaldorlar Islandiya hukumatiga Reykyavikda sammit tashkillashtirish iltimosi bilan murojaat qilsalar, biz buni ijobiy qabul qilamiz hamda AQSh va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarning yaxshilanishi uchun o‘z hissamizni qo‘shamiz", deb aytgan Islandiya tashqi ishlar vaziri Gudlaugur Tor Tordarson.

Top