10:53 / 16.01.2017
78536

Mirziyoyev: Davlat mulki talon-toroj qilingani uchun bugun kim shaxsan javob berishi kerak?

14 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini har tomonlama tahlil qilish hamda respublika hukumatining 2017 yil uchun iqtisodiy va ijtimoiy dasturi eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilashga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqdi va bir qator sohalardagi kamchiliklarga diqqatni qaratdi.

Xususan, Prezident Davlat raqobat qo‘mitasining raisini keskin tanqid qildi.

“Biz bugun Davlat raqobat qo‘mitasining raisi D.Hidoyatovdan shaxsan siz va qo‘mitaning bo‘linmalari xususiylashtirish jarayonida pirovard natijani nima uchun nazorat qilmaysiz yoki ta'minlamaysiz, degan savolga javob berishni qat'iy talab qilishga haqlimiz. 

Siz nima uchun ushbu muammolarni amalda hal etish o‘rniga menga o‘zingizning hech qanday natija bermagan va bermaydigan xorijiy xizmat safarlaringiz va "taqdimot”laringiz to‘g‘risida og‘iz ko‘pirtirib axborot berasiz? 

Bugun davlat byudjyeti hisobidan katta mablag‘larni xarajat qilib, xorijga xizmat safariga borib kelayotgan rahbarlar va ishchi guruhlaridan so‘rashga haqlimiz: qani sizlar og‘iz to‘ldirib, qog‘ozga chiroyli qilib yozib bergan natijalar, qani investor va investitsiyalar? 

Siz bu ishlarga mutasaddi davlat qo‘mitasining rahbari bo‘lib, bunday natijalarni kimdan talab qilyapsiz? Birgina Koreya Respublikasiga korxonalarni sotamiz, investitsiyalar olib kelamiz, deb tashkil etgan bir nechta biznes forumlaringiz natija berdimi, qani va'dalar? 

Agar sizlar xorijiy safarlarga sarf qilgan xarajatlarni hisob-kitob qilsak, shu pulning o‘ziga ikkita yirik korxonani sotib olsa bo‘lardi. 

"Nol" qiymati bo‘yicha 1 ming 27 ta obekt sotilgan. Albatta, bu yaxshi, biroq nima uchun ularning ko‘pchiligi, ba'zilarini hisobga olmaganda, ishga tushirilmagan va vayrona holida yotibdi? 

Biz ularning o‘rniga nimani tashkil etdik, qanday quvvatlar va ishlab chiqarishlar barpo etildi, qancha odam ish bilan band? Nima uchun sotilishi lozim bo‘lgan 119 ta aksiyadorlik jamiyatidan faqat yarmining 15 foizlik ulushi xorijiy investorlarga sotilgan? 

Davlat mulki talon-taroj qilingani uchun bugun kim shaxsan javob berishi kerak? So‘zsiz va birinchi navbatda siz, qo‘mita raisi sifatida javob berishingiz shart. 

Siz oldingi rahbarlarning xatolarini takrorlab, sustkashlik qilib va faqat statistika bilan shug‘ullanib asosiy bo‘g‘inni – mamlakatning va xalqning boyligiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishni boy beryapsiz. 

Sizga oxirgi marta, kompleks rahbari va Davlat maslahatchisi O.Murodov bilan birgalikda, Oliy Majlis bilan o‘zaro hamkorlikda 20 kun muddatda, birinchidan, ushbu muammoli masalalarni bartaraf etishni, ikkinchidan, sotilgan va sotib olingan davlat mulkining ishlamasligi, undan samarasiz foydalanilgani yoki talon-taroj qilingani uchun rahbarlar va mansabdor shaxslarning huquqiy majburiyat va mas'uliyatini puxta ishlab chiqishni nazarda tutadigan kompleks aniq chora-tadbirlarni taqdim etishni topshiraman”, - dedi Prezident.

Bundan tashqari, O‘zbekiston rahbari Davlat statistika qo‘mitasi rahbariyatining faoliyatida ham eskicha yondashuvlar bartaraf etilmaganini qayd etdi. 

“Ularning ish usuli, hisob-kitoblari va ma'lumotlari amaliy va tezkor chora-tadbirlar ko‘rishni talab etadigan kamchilik va muammolarning sabablarini to‘liq ochib bermayapti”, - dedi O‘zbekiston rahbari.

“Oxirgi yillarda turizmdek muhim soha kompleks rahbarining zarur darajadagi e'tiboridan chetda qolib ketdi. Bu xatoni so‘zsiz va eng muhimi, natijali ravishda to‘g‘rilash kerak. Biz hozir faqat turizmni rivojlantirish bilan shug‘ullanadigan tuzilmaga doir masalalarni tasdiqladik. 

Bu choralar turizmning O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojiga qo‘shadigan hissasini oshirish, tarixiy va madaniy qadriyatlarimizni targ‘ib qilish, shuningdek, valyuta zaxiralarini to‘ldirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar bilan kuchaytirilishi zarur. Bu vazifani hal qilish uchun 1 oy muddat beriladi. 

Ushbu muammolar ko‘p jihatdan vazirliklar, xo‘jalik birlashmalari va hokimliklarning iqtisodiy tuzilmalari bilan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmagani natijasidir. 

Axir, qachondir va kimdir turoperatorlarning dardini eshitganmi? Ular qanday masalalar bilan shug‘ullanyapti, qanday muammolarga to‘qnash kelyapti? Ularga aniq professional yordam ko‘rsatish haqida umuman gapirmasa ham bo‘ladi. Taqdim etilgan hisobotlarda zarur savollarga umuman javob yo‘q. Birinchi – qancha odam mehnat qilyapti? Ikkinchi – hududlarda islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha muammolar bilan kim shug‘ullanyapti: menejyermi yoki iqtisodiyotdan umuman uzoq odamlarmi? Yana bir bor kompleks rahbariga ushbu muammo bilan yaqindan shug‘ullanishni topshiraman. Faqat endi talab qattiq bo‘ladi”, - ta'kidlab o‘tdi Shavkat Mirziyoyev. 

Top