14:38 / 16.01.2017
25928

Mirziyoyev: Yoshlarning, ayollarning dardi bilan shug‘ullanmayapmiz

14 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini har tomonlama tahlil qilish hamda respublika hukumatining 2017 yil uchun iqtisodiy va ijtimoiy dasturi eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilashga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqdi va turli sohalardagi bir qator muhim kamchiliklar haqida so‘z yuritdi. 

Jumladan, O‘zbekiston rahbari xotin-qizlar qo‘mitasi raisiga bir qator vazifalar belgilab berdi.

“Bugun Bosh vazir o‘rinbosari – Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyevadan kechiktirib bo‘lmaydigan quyidagi vazifalar bo‘yicha javob berishni va ularni amalda hal etish yuzasidan aniq takliflarni kutamiz. 

Birinchi vazifa – biz uchun muqaddas bo‘lgan oila asoslarini yanada mustahkamlash, xonadonlarda tinchlik-xotirjamlik, ahillik va o‘zaro hurmat muhitini yaratish, ma'naviy-ma'rifiy ishlarni aniq mazmun bilan to‘ldirishdan iborat bo‘lmog‘i zarur. 

Ikkinchi vazifa – ayollar o‘rtasida jinoyatchilik, oilalarda ajralishlar ko‘paygani, yoshlarning turli diniy-ekstremistik oqimlar va terroristik tashkilotlar ta'siriga tushishi kabi xalqimizga xos bo‘lmagan achchiq va noxush masalalar bilan bog‘liq. 

Uchinchi vazifa – ayollarni ularga munosib mehnat bilan bandligini ta'minlash masalasidir. Ayollar uchun doimiy ish joylari yaratish borasidagi muhim masala bilan bir qatorda, oilaviy biznes, kasanachilik, hunarmandchilik, tomorqa xo‘jaligini keng rivojlantirish ishlari ham oqsamoqda. 

Bu o‘rinda rasmiyatchilikka, qog‘ozbozlikka, hatto ko‘zbo‘yamachilikka berilish holatlari ham kam emas va bu haqda ko‘plab haqqoniy misollarni keltirish mumkin. Savol tug‘iladi: kimni va nima uchun aldayapmiz? 

Shuning uchun Bosh vazir o‘rinbosari T.Norboyeva boshchiligida Xotin-qizlar qo‘mitasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, “Nuroniy”, “Mahalla”, “Kamolot” tuzilmalari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Savdo-sanoat palatasi va tijorat banklari rahbar va mutasaddilaridan iborat ishchi guruhlari tashkil etilsin. 

Ushbu guruhlar joriy yilning 20 yanvaridan boshlab Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlariga borib, uch oy davomida ko‘chama-ko‘cha, xonadonma-xonadon yurib, mavjud vaziyatni chuqur va puxta o‘rganadi, tahlil qiladi va joylardagi oddiy oilalardan, ko‘pni ko‘rgan otaxon va onaxonlarimizdan ham takliflar oladi. 

Bosh vazir A.Aripovdan Davlat maslahatchisi O.Murodov bilan birgalikda, ana shunday o‘rganishlar natijalari va achchiq saboqlari asosida mavjud muammo va masalalarning ham huquqiy, ham ijtimoiy-iqtisodiy, ham ma'naviy-ma'rifiy, ham tashkiliy tomondan yechimini o‘zida aks ettirgan Prezident qarori loyihasi va aniq chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqib, 20 aprelgacha tasdiqlash uchun kiritishni so‘rayman.

Bizda juda ko‘p jamoat tashkilotlari bor. Shulardan xotin-qizlar bo‘yicha muovinlarida davlat maqomi bor. Bosh vazir o‘rinbosari, viloyat hokimining o‘rinbosari, tuman hokimining o‘rinbosari...

Ahvolimiz chatoq. Yoshlarimizni ichiga kirmayapmiz. Yoshlarni dardi bilan shug‘ullanmayapmiz. U yerdagi ayollarni dardi bilan shug‘ullanmayapmiz”, - dedi Prezident.

Top