14:05 / 16.01.2017
32545

Bir yil xizmat qilgan askar keladi - na unga birov ish beradi, na u bilan shug‘ullanadi

Foto: O‘zA

14 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini har tomonlama tahlil qilish hamda respublika hukumatining 2017 yil uchun iqtisodiy va ijtimoiy dasturi eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilashga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqdi va turli sohalardagi bir qator muhim kamchiliklar haqida so‘z yuritdi. 

Xususan, O‘zbekiston rahbari yoshlarni ish bilan ta'minlash masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

“Aniq bir misol bilan ushbu muammoni hal etishning real yo‘lini aytmoqchiman. Andijon viloyatining aholi zich joylashgan Oltinko‘l tumanida 7 ta kasb-hunar kolleji bor, ularni bu yil turli mutaxassisliklar bo‘yicha 2 ming 300 nafar bitiruvchi tamomlaydi. Tuman hududida 714 ta xo‘jalik yurituvchi sub'yekt, jumladan, sanoatda – 371 ta sub'yekt, qurilishda – 167 ta sub'yekt, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida – 156 ta sub'yekt va boshqa tashkilotlar faoliyat ko‘rsatadi. 

Tumandagi har bir xo‘jalik sub'yektiga o‘rtacha 3 nafar bitiruvchi to‘g‘ri keladi. 

Tumanda byudjyetdan oylik oladigan iqtisodiy kompleks tashkilotlaridagi jami 400 nafar xodim ushbu korxonalarning samarali ishlashiga amaliy yordam bersa, masalan, kimgadir kredit, yana kimga xomashyo yoki malakali maslahat bilan ko‘maklashsa, bu ishni bemalol bajarsa bo‘ladi. Agar ana shu 400 nafar odam oyiga bittadan ish o‘rni tashkil etishga ko‘maklashsa, bir yilda 4 ming 800 ta yangi ish joyiga ega bo‘lish mumkin. 

Agar shu tizimni so‘rasa, talab qilsa odamlar, ota-onalar rozi bo‘ladimi? Mana shu xizmatda xizmat qilgan askar bir yil vatanparvar bo‘ladi. Kerak bo‘lsa, fidoiy, jonini jabborga beradi. Hayot nimaligini, vatan nimaligini, chegara nimaligini o‘zi sezadi. Bir yil u mutlaqo boshqa muhitda – vatanparvar muhitda kitob o‘qiydi. Lekin, bir yil tugaydi, keladi na unga birov kutib olish mayli-ku, uch kundan keyin ish beradi, na u bilan shug‘ullanadi. 

U ko‘chada yurgan boshqa bezoriga nisbatan o‘n marta aqlli. Agar u dushman bo‘lsa – bizga yuzta dushmandan ko‘proq dushman bo‘ladi. Agar u do‘st bo‘lsa – mingta odamni ergashtiradi. 

Shuning uchun bu kechagi aytgan gaplar yuragimdagi dardim meni. Dard u...

Agar, o‘sha bolalarni hokim birinchi qabul qilib, ishga joylashtirsa, u 20-30ta boshqa oqimga kirgan bolalarni yaxshi yo‘lga o‘tkazadi. Mana nechta viloyat hokimini almashtirdik, nima uchun? Aravani tortgan odam ishlaydi. Hokim bu ko‘zgu, jamiyatimizning ko‘zgusi.     

Bugunning o‘zida har bir bitiruvchini aniq bir tashkilotga biriktirishni ta'minlash bilan birga, uning bo‘lajak ish joyi, ish haqi va ijtimoiy sharoitlarini aniq belgilash zarur. 

Bularning barchasini huquqiy hujjatlar bilan mustahkamlash va eng asosiysi, xo‘jalik yurituvchi sub'yekt rahbarining nafaqat majburiyatini, balki shaxsiy mas'uliyatini ham belgilash zarur. 

Faqat shunday yo‘l bilan biz davlatning o‘quvchilar va ularning ota-onalari oldidagi majburiyatini bajarishimiz mumkin. Xuddi shunday amaliyotni respublika oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilari bo‘yicha ham ishlab chiqish va joriy etish darkor”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Top