19:04 / 17.01.2017
52795

O‘zbekistonlik fuqarolar uchun haj kvotasi deyarli 40 foizga oshirildi

So‘nggi yillarda haj ziyoratiga borish istagini bildirganlarning soni oshib borayotganini e'tiborga olib, 2017 yildan o‘zbekistonlik fuqarolar uchun haj kvotasi 7200 nafar qilib belgilandi (ilgari bu ko‘rsatkich 5200 nafar edi). Bu haqda Kun.uz’ga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi istiqlolga erishgan kundan boshlab inson huquqlarini kafolatlash va manfaatlarini himoya qilish masalalari hukumatimizning doimiy e'tiborida bo‘lib kelmoqda.

Mustaqillik yillarida respublika fuqarolariga muqaddas shaharlarni ziyorat qilish uchun qulay sharoitlar yaratildi. Istiqlolgacha sanoqli kishilar muborak ziyoratlarga borish baxtiga muyassar bo‘lgan bo‘lsalar, mustaqillik yillarida minglab fuqarolarimiz umra va haj safarlariga borishga muvaffaq bo‘lmoqdalar.

Ta'kidlash joizki, islom dini ta'limotlariga ko‘ra har bir insonga umrida bir marta haj ziyoratini amalga oshirish (haj safari davomida umra ziyorati ham bajariladi) farz qilingan. Bunda albatta uning sog‘lom va iqtisodiy jihatdan yaxshi ta'minlangan bo‘lishi belgilangan. Shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ham Arabiston yarim orolida yashagan bo‘lsalarda umrlarida bir marta haj amalini bajarganliklari tarixdan ma'lum.

Top