15:46 / 19.01.2017
75694

Abdulqodir Masharipov rejasi avvaliga qanday bo‘lganini ma'lum qildi

Foto: Can Merey / Globallookpress.com

Istanbuldagi Reina tungi klubida ko‘plab insonlarning hayotiga zomin bo‘lgan terrorchi Abdulqodir Masharipov rejasi avvaliga qanday bo‘lganini aytib o‘tdi. Bu haqda The Hurriyet Daily News xabar berdi.

Masharipov so‘zlariga ko‘ra, u “Al-Qoida”ning Iroqdagi lagerida tayyorgarlikdan o‘tgan, keyinchalik IShID safida Suriyadagi janglarda qatnashgan. Amirlardan biri unga Turkiyaga jo‘nab, u yerda terakt amalga oshirish haqida buyruq bergan. Masharipov mamlakatga Eron orqali yetib borib, Konya viloyatida bir necha oy davomida yashagan. U Yangi yildan bir necha kun muqaddam Raqqadan yangi buyruq oldi: Taqsim maydonida terakt uyushtirish. Biroq terrorchi rejasini o‘zgartirishiga to‘g‘ri kelgan.

«Men Yangi yil arafasida Taqsimga borib, maydon juda ham kuchli qo‘riqlanishiga guvoh bo‘ldim, — dedi u so‘roq chog‘ida. — Hujumni amalga oshirish oson bo‘lmadi. Shundan so‘ng men amir bilan aloqaga chiqib, yangi vazifani qabul qilib oldim – bu tumandagi boshqa nishonni topish. Men taksi ushlab, qidirish ishlarini boshladim. Tungi klub ancha yaxshi joy bo‘lib tuyuldi, qo‘riqlash xizmati unchalik kuchli emas. Biz bu variantda to‘xtashni ma'qul topdik».

Ma'lumot uchun, Masharipov birinchi yanvarga o‘tar kechasi Istanbuldagi Reina ko‘ngilochar klubida terakt sodir etdi. U avtomat bilan qurollanib, dastlab qo‘riqchini otgan, so‘ngra, 700 kishi bo‘lgan klubga kirgan. Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, u bir necha yuz marta o‘q uzish chog‘ida 6ta o‘qdonni bo‘shatgan. Buning oqibatida 39 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Jinoyat uchun mas'uliyatni IShID o‘z zimmasiga oldi. 

Mavzuga oid
Top