12:21 / 19.01.2017
10292

«Agrobank» tomonidan 2016 yilda 24 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi

2017 yil 18 yanvar kuni Milliy matbuot markazida “Sog‘lom ona va bola yili”da “Agrobank” ATB tomonidan amalga oshirilgan ishlar va “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da bank oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Ommaviy axborot vositalari vakillari hamda bank mutasaddilari  ishtirok etdi.

Anjumanda ta'kidlanganidek, Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Birinchi Prezidentimiz g‘oyalarini izchil davom ettirish yo‘lida yangi strategik vazifalarni kun tartibiga qo‘yilaganligi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada taraqqiy ettirish, uning yo‘lidagi barcha g‘ov va to‘siqlarni bartaraf etish, bu jarayonda barcha sohalarning yakdilligini ta'minlash zarurligi qayd etildi.
Bu borada yurtimizda iqtisodiyotni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va uning har jihatdan strategik taraqqiyotning eng muhim ustuvor yo‘nalishi sifatida xususiy mulkning daxlsizligini mustahkamlash belgilangani bugun erishayotgan taraqqiyotimizning negizi bo‘lmoqda. 

Ayniqsa, mamlakatda iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari hisoblangan sanoat, qishloq xo‘jaligi va ularda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishda egallangan tajriba bugungi marralarga asos bo‘lib xizmat qilayotganligi ham ta'kidlandi.

Bu jarayonlarda mamlakatimizdagi moliya muassasalarining o‘rni va xizmatlari ayniqsa, tahsinga sazovordir. Shu o‘rinda Respublika “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki ham bu jarayonlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Bank nafaqat qishloq xo‘jaligi balki, boshqa tarmoqlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida ham samarali ishlarni amalga oshirmoqda.

Xususan, o‘tgan 2016 yilda bank tomonidan aholi va turli xo‘jalik sub'yektlariga zamonaviy, tezkor  va salmoqli xizmatlar ko‘rsatildi. Bu borada erishilgan natijalarni esa raqamlar doirasida ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. Ya'ni, “Agrobank” ochiq aksiyadorlik tijorat banki tomonidan 2017 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, bankning umumiy kapitali 532 milliard so‘m milliard so‘m, ustav kapitali esa 368 milliard so‘mni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich 2016 yilning boshiga nisbatan mos ravishda 70,1 milliard so‘mga o‘sdi. Bankning resurs bazasi 3 trillion 604 milliard so‘m, shundan jalb qilingan depozitlar 2 trillion 451 milliard so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga mos ravishda 613 milliard so‘mga ko‘paydi.

Mazkur moliya muassasasi tomonidan o‘tgan Sog‘lom ona va bola yilida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, ya'ni servis va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar, tadbirkorlik faoliyatini yuritayotgan yosh oilalar, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari hamda fermerlarni moliyaviy rag‘batlantirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, kichik biznes sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlashga barcha moliyalash manbalari hisobidan 1 trillion 209 milliard so‘m kreditlar ajratildi. Joriy yilning boshiga nisbatan ushbu ko‘rsatkich 279 milliard so‘mga yoki 130 foizga o‘sdi. Hisobot davrida sarmoyalar asosan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirishga yo‘naltirildi.

Mamlakatimizda kuzatilayotgan barqaror o‘sish sur'atlarini iqtisodiyotimizga yo‘naltirilayotgan kapital mablag‘lar, investi¬tsiyalar tobora o‘sib borayotgani bilan izohlash mumkin. Negaki, yurtimizda faol investitsiya siyosati yuritilib, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiyalash va yangilash bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayotir. Xususan, 2017 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, bankning kredit qo‘yilmalari 3 trillion 2 milliard so‘mni tashkil qilib, 2016 yil 1 yanvariga nisbatan 787 milliard so‘mga oshdi.

O‘tgan 2016 yilda iqtisodiyotning turli yo‘nalishlaridagi tadbirlarni moliyalashtirishga jami 4 trillion 717 milliard so‘m, shundan bankning o‘z mablag‘lari hisobidan 2 trillion 360 milliard so‘m kreditlar ajratildi. Hisobot davrida ajratilgan investitsion kreditlar 831 milliard so‘mni tashkil etib, belgilangan parametr ko‘rsatkichi 104 foizga bajarildi. Ushbu kreditlarning 250 milliard so‘mi sanoatga, 220 milliard so‘mi qishloq xo‘jaligi, 89,5 milliard so‘mi qurilish va transport, 110 milliard so‘mi moddiy-texnik ta'minot, 161 milliard so‘mi iqtisodiyotning boshqa sohalariga yo‘naltirildi. Shuningdek, bank tomonidan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlariga muvofiq, o‘tgan yil davomida 4027 ta loyihani amalga oshirish uchun 545 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish hisobiga 24 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari tashkil etishga zamin yaratildi.

“Agrobank” tomonidan o‘tgan yili fermer xo‘jaliklarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga sifatli bank xizmatlari ko‘rsatish, shuningdek, fermerlarning qo‘shimcha tarmoqlarni rivojlantirish va istiqbolli loyihalari borasidagi ko‘plab murojaatlarini bajarishga erishildi. Jumladan, fermer xo‘jaliklarini qishloq xo‘jalik texnikalari, agregatlar va ehtiyot qismlar bilan ta'minlashga 109,9 milliard so‘m kredit mablag‘lari yo‘naltirildi. Ushbu mablag‘lar hisobiga 686 ta haydov va chopiq traktori, 305 ta kombayn, 70 ta paxta terish mashinasi hamda mingdan ortiq turli qishloq xo‘jaligi texnika va agregatlari yetkazib berildi.

Moliya muassasasi tomonidan o‘tgan yili ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish maqsadida 294,7 milliard so‘m kreditlar ajratildi. Jumladan, fermer xo‘jaliklarida chorvachilikni tashkil qilishga 14,9 milliard so‘m, parrandachilikka 856 million so‘m, baliqchilikka 381 million so‘m, issiqxonalarni tashkil etishga 6,1 milliard so‘m, muzlatkichli sig‘imlar uchun 1,4 milliard so‘m, meva va sabzavotchilikka 7,4 milliard so‘m, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa yo‘nalishdagi loyihalariga 36,4 milliard so‘m kredit mablag‘lari yo‘naltirildi. 

 “Agrobank tomonidan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturiga muvofiq, o‘tgan 2016 yilda yangi ish o‘rinlari tashkil etish, kasb-hunar kolleji bitiruvchilarining tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, aholining moddiy va ma'naviy sharoitini yaxshilashga qaratilgan tadbirlarni kreditlashga alohida e'tibor qaratildi. Xususan, bank tomonidan tadbirkor ayollarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga 136 milliard so‘m oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilikni kengaytirish maqsadida 25 milliard so‘m, shuningdek, jismoniy shaxslarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, oilalarning turmush sharoitini yaxshilash yo‘nalishlariga 156,2 milliard so‘m kreditlar ajratildi. Hisobot davrida aholiga 82,2 milliard so‘m iste'mol kreditlari ajratilib, shundan 46,5 milliard so‘mi maishiy texnika va uy-ro‘zg‘or buyumlari sotib olishga hamda 35,7 milliard so‘mi ta'lim olish maqsadlariga yo‘naltirildi. Bundan tashqari, o‘tgan yili kasb-hunar kolleji bitiruvchilari bandligini ta'minlash va ularning tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 48,4 milliard so‘m kreditlar berildi.

Bugungi davr moliya-bank xizmatlarining yuqori texnologik va bozorga xos turlari yuqori sur'atlar bilan rivojlanishini talab etmoqda. Mana shunday xizmat turlaridan biri – zamonaviy elektron hisob-kitoblar tizimidir. Bu borada “Agrobank” tomonidan ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, o‘tgan yilda olib borilgan ishlar natijasida o‘rnatilgan terminallar soni 30 ming 929 taga, tarqatilgan plastik kartochkalar soni 3 million 665 mingtaga yetkazildi. Shuningdek, plastik kartochkalarga jalb qilingan mablag‘lar 602 milliard so‘mni, plastik kartochka hisobvaraqlariga o‘tkazilgan mablag‘lar 9,5 trillion so‘mni tashkil etdi.  Plastik kartalar bilan ishlash tizimida zamonaviy interaktiv xizmat turlarini rivojlantirish yuzasidan qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, plastik kartalardagi mablag‘lardan mobil telefon va internet orqali to‘lovlar o‘tkazish imkoniyati yaratilib, ushbu xizmatdan foydalanayotgan mijozlar soni 772 mingtadan oshdi. “Mobil savdo” xizmat turiga jalb qilingan savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari soni 6800 tadan oshdi. O‘tgan 2016 yilda “Agrobankmobile” innovatsion xizmat turi joriy etilib, ushbu xizmat orqali turli kommunal va aloqa xizmatlari, soliq to‘lovlari bilan birgalikda, jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlarni qaytarish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, “Agrobankmobile-biznes” xizmat turi orqali yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun bank hisobraqamidagi mablag‘larini boshqarish imkoniyati joriy qilindi. 

Shuni alohida ta'kidlash joizki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2016 yil 14 dekabrda Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi nutqida davlat banklari “Bundan keyin o‘z ish uslublarini tubdan o‘zgartirishi shart”ligini ta'kidlab, bu borada aniq vazifa qo‘ydi: “Ular har bir oila bilan muloqot tashkil qilish orqali fuqarolarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun qulay imkoniyatlar yaratishi kerak”.

Ko‘p o‘tmay mamlakatimiz tijorat banklarida bu vazifani amalga oshirishga jiddiy kirishildi. Mamlakatimiz iqtisodiyotida yetakchi kuch bo‘lgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasini doimiy qo‘llab-quvvatlab kelayotgan yetakchi moliya muassasalaridan biri “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan ham belgilab olingan o‘z dasturi asosida aholi xonadonlarida o‘tkazilayotgan muloqotlarda tadbirkorlik faoliyatini boshlash imkoniyatlari to‘g‘risida batafsil tushuntirishlar berilmoqda, qisqa muddatda kredit mablag‘lari ajratish choralari ko‘rilmoqda.

“Oddiy aholini tadbirkor qilish” shiori ostidagi ushbu ishlarni keng ko‘lamli kasb ettirish maqsadida bankning markaziy apparatida maxsus boshqarma tashkil etildi. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyat boshqarmalari hamda mavjud 176 ta filialda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va mikrokreditlar berish uchun alohida bo‘limlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu yangi boshqarma va bo‘limlarga 576 nafar malakali mutaxassis ishga qabul qilindi. Shuningdek, dastur ijrosini sifatli tashkillashtirish maqsadida 2060 nafar tajribali bank xodimi jalb etildi.

Aholi bilan muloqotlarni sifatli tashkil etishga qaratilgan maxsus jadval asosida qishloq hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan hamkorlikda joylarda aholi bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Ularga bugun tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida mamlakatimizda boshlangan yangi bosqichdagi islohotlarning mazmun-mohiyati, tadbirkorlikdan keladigan davlat hamda xalq manfaatlari xususida batafsil tushuncha va ma'lumotlar berilmoqda.

Bundan tashqari, har bir xonadonga bank tomonidan maktublar yo‘llanmoqda. Unda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida hamda aholining tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishlarini aniqlashga qaratilgan maxsus so‘rovnomalar ham yuborilmoqda. Ayni kunga qadar 890 mingdan ziyod xonadonga ana shunday maktublar jo‘natildi.

Bank xodimlari har bir xonadonga kirib, ularning tadbirkorlik bilan shug‘ullanish bo‘yicha imkoniyat va sharoitlarini o‘rganishmoqda. Bundan tashqari, aholining sohaga qiziqishini orttirish hamda bu jarayonlardan xabardorligini yanada oshirish maqsadida maxsus buklet shaklidagi namunaviy biznes loyihalar tarqatilmoqda.

Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan va kreditga talabi bor oila vakillarining biznes loyihalari bank mutaxassislari tomonidan qisqa muddatlarda o‘rganilib, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishda yaqindan ko‘mak berilmoqda. Bunday sa'y-harakatlarning samarasi o‘laroq, o‘tgan qisqa vaqt mobaynida 813 ta aholi punkti va mavzelardagi 361 mingdan ziyod xonadonlarda so‘rovlar o‘tkazildi. Ana shu so‘rovlar natijasida aholini tadbirkorlikning u yoki bu turi, xususan, bog‘dorchilik, chorvachilik, issiqxona barpo etish, hunarmandlik, kasanachilik, xizmat ko‘rsatish, servis va boshqa sohalar bilan shug‘ullanish istagini bildirmoqda.

Eng muhimi, boshlangan ezgu ishlarni izchil davom ettirish uchun “Agrobank” aksiyadorlik tijorat bankining moliyaviy imkoniyatlari yetarli va bank jamoasining tajribasi bor. Bu boradagi sa'y-harakatlar 2017 yil ya'ni,  “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da ham izchillik bilan amalga oshiriladi. 

“Agrobank” ATB Matbuot xizmati. 

Reklama huquqi asosida.

Top