18:11 / 19.01.2017
8541

Havayilik ayol 94 yoshida bakalavr diplomini oldi

Havayida istiqomat qiluvchi 94 yoshli Emi Kraton Nyu-Hempshir universitetida uzoq kutilgan bakalavr darajasiga erishdi. Buning uchun ayol masofadan o‘qish kursini tugalladi va imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirdi. "Life" nashri shu haqida xabar berdi.

Kraton xonim nogironlar aravachasida harakatlanadi, shuning uchun u boshqa shtatdagi diplomini olib ketish uchun bora olmadi. Buni qarangki, SNHU (Nyu Hempshir janubiy universiteti - NHJU) prezidenti diplomni topshirish uchun shaxsan tashrif buyurdi.

Emi Kraton dunyodagi eng keksa bitiruvchilardan biri hisoblanadi. San'at sohasida bakalavr darajasini olgan ayol endi magistr darajasini olish harakatida. Bundan tashqari, u yapon xayku she'riyatiga qiziqadi va tez orada mazkur janrda bolalar kitobini yaratish borasida o‘ylanmoqda.

"Men o‘zimni juda yaxshi his qilyapman, shu bois o‘qishni davom ettirmoqchiman. Agar siz oxirigacha tugallamay ketgan ta'lim muassasasiga qaytishni o‘ylayotgan bo‘lsangiz, - shunday qiling. Siz o‘zingiz uchun yangi hayotni kashf etasiz".

Emi Kraton, SNHU bitiruvchisi

Kraton universitetga 1962 yilda o‘qishga kirgan, biroq 4 farzandini boqish uchun kun bo‘yi ishlagani bois uni tark etishiga to‘g‘ri kelgan. Bugungi kunda Emining 4 nevarasi va 12 chevarasi bor.

Emini qutlash uchun uning do‘stlari va qadrdonlari tashrif buyurishdi.

Top