21:01 / 19.01.2017
9201

Elektron deklaratsiyalash endi Yagona portal orqali!

Mamlakatimizda bojxona sohasida bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini yanada takomillashtirish va shafoflashtirish, tashqi iqtisodiy faoliyat  ishtirokchilari uchun imtiyozlar va qulayliklar yaratishda  axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan keng miqyosda foydalanishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Ma'lumki, 2012 yil 18 iyuldagi «Ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni bilan 2013 yil 1 yanvardan boshlab tovarlarni bojxonada elektron shaklda rasmiylashtirish tartibi amaliyotga joriy qilingan edi.

Unga binoan Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan beriladigan malaka attestatiga ega bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassislar qo‘mitaning www.bojxona.uz veb-saytidagi havoladan (http://bojxona.uz/uz/events/service/48/) “Elektron deklaratsiyalash” axborot tizimiga elektron raqamli imzo orqali kirib, bojxona yuk deklaratsiyalarini bevosita o‘z idoralaridan chiqmasdan turib, bojxona organlariga taqdim etib kelishmoqda.

O‘tgan yillar davomida mazkur amaliyot o‘zini to‘la oqlab, birgina 2016 yilda bojxona organlariga 392 mingdan ortiq bojxona yuk deklaratsiyalarining 99 foizi elektron shaklda taqdim qilingan.

Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga yanada qulaylik yaratish, shuningdek bojxona organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan elektron xizmatlarni yagona manzildan turib, taqdim etish maqsadida endilikda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham “Bojxona organlariga elektron bojxona yuk deklaratsiyalarini taqdim qilish” xizmati joriy qilindi. (Ushbu havolada: https://my.gov.uz/uz/service/464)

Portal orqali ariza shakli to‘ldiriladi hamda unga “ye-BYuD” dasturi orqali avvalda tayyorlangan Bojxona yuk deklaratsiyasining elektron shakli ilova qilingan holda  yuboriladi. Ilova qilingan deklaratsiya Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan berilgan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan bo‘lishi shart.

Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, “ye-BYuD” dasturini foydalanuvchilar Davlat bojxona qo‘mitasi veb-sayti orqali bepul ko‘chirib olishlari mumkin.(http://bojxona.uz/uz/events/service/48/)

Bojxona organlariga elektron bojxona yuk deklaratsiyalarini taqdim qilish” xizmati 5 bosqichdan iborat bo‘lib, jarayon muvaffaqiyatli yakunlanganda mutaxassisga Bojxona yuk deklaratsiyasining ro‘yxatdan o‘tgan raqami hamda mazkur deklaratsiyaning QR-kod bilan himoyalangan pdf formatdagi shakli taqdim etiladi.

Yagona portal orqali joriy qilingan mazkur yangi xizmatdan unumli foydalaning hamda vaqtingiz va moliyaviy xarajatlaringizni tejang!

Top