18:03 / 19.01.2017
12009

Qanday qilib bir vaqtning o‘zida innovatsiyalarga yordam berish va ziyon yetkazish mumkin?

Merilind universiteti qoshidagi Smit biznes maktabi professori, China India Institute hammuassisi va «Getting China and India Right» kitobi hammuallifi Anil Gupta hamda China India Institute boshqaruvchi hamkori va «Getting China and India Right» kitobi hammuallifi Xayyang Vang Xitoyning innovatsiyalar sohasidagi faoliyatiga oid maqola taqdim etdi. Harvard Business Review maqola matni bilan bo‘lishdi.

Hamma narsa Xitoy hukumatining mamlakatni ilmiy-texnik taraqqiyotning yangi cho‘qqilariga yo‘naltirishga qat'iy ahd qilganidan dalolat bermoqda. Arzon xitoycha ishlab chiqarish davri asta-sekinlik bilan o‘z poyoniga yetayotgan ekan, aynan innovatsiyalar davlatni rivojlantirish rejasining asosiy elementiga aylandi.

Ushbu mamlakatning mafkuraviy kayfiyatini inobatga olgan holda, Xitoy o‘z iqtisodiyotining innovatsion jihatlarini kuchaytirish uchun davlat qudratini jalb qilish bo‘yicha ajoyib tajriba maydoniga aylanib bormoqda. Biroq tahlillarimizning ko‘rsatishicha, tajriba natijalari hozircha noaniq. Ba'zi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha davlat haqiqatda rag‘batlantiruvchi ta'sir ko‘rsatmoqda, lekin boshqa hollarda u beixtiyor Xitoyning texnologiya gigantiga aylanishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Rag‘batlantiruvchi chora-tadbirlar haqida gapiradigan bo‘lsak, bu yerda shubhasiz davlatning eng muhim roli innovatsion sarmoyalarni agressiv oshirishdadir. Tadqiqot va taraqqiyot (Research and Development, R&D)ga yo‘naltirilgan umumiy investitsiyalar 2000 yildan 2015 yilgacha 0,9 foizdan 2 foizga o‘sdi va hoynahoy, 2020 yilga borib, rejalashtirilgan 2,5 foizga yetishga muvaffaq bo‘linadi. 2015 yilda Xitoyning R&D'dagi umumiy global xarajatlardagi ulushi 20 foizni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich Yaponiya (9 foiz) va Germaniya (6 foiz) hissasidan ancha ko‘p bo‘lib, AQShdan (26 foiz) keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Ilm-fan sohasi va muhandislik ishida har yili doktorlik darajasini oladigan kishilar soni keskin o‘sdi va bugungi kunda ushbu masalada Xitoy faqat AQShdan ortda qolmoqda.

 

Bundan tashqari, so‘nggi yillarda ilmiy iste'dodlarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga yo‘naltirilgan bir necha hukumat dasturlari ishga tushirildi. Ulardan eng yiriklarini sanab o‘tamiz.

  • Yosh olimlar milliy ilmiy fondi istiqbolli ilmiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi.
  • "Yantszi olimlari" dasturi ko‘zga ko‘ringan xorijiy professorlarni jalb qilishga yo‘naltirilgan.
  • "Minglab iste'dodlar rejasi" dasturi mamlakatga xorijdan eng yaxshi xitoylik tadqiqotchilarni qaytarishni maqsad qilgan.

Davlat shuningdek koinotni o‘zlashtirish, mudofaa va superkompyuterlar kabi yo‘nalishlarning texnologik rivojida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etadi. Barqaror xalqaro amaliyotga ko‘ra, davlat bu sohalarda ko‘pincha yagona yoki asosiy buyurtmachi rolida namoyon bo‘ladi. Shu tariqa, bu texnologik innovatsiyalar, qoidaga ko‘ra, hukumat tomonidan moliyalashtiriladi va davlat yoki go‘yoki davlat labaratoriyalarida amalga oshiriladi.

Shuni ta'kidlash mumkinki, kirishda yuqori faollik kutilmoqda. Biroq uning effekti qanday? Chiqishda nima bo‘ladi? Afsuski,bu yerda Xitoyning yutuqlari kamroq taassurot qoldiradi. 2010-2015 yillarda Amerika patent idorasi tomonidan berilgan patentlar orasida xitoy patentlari ulushi atigi 2,2 foizni tashkil qildi. Taqqoslash uchun: xuddi shu davrda Yaponiya, Germaniya va Janubiy Koreya patentlari ulushi 18.8, 5.5 va 5.5 foizni tashkil qilgan. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (IHTT) so‘nggi hisobotiga ko‘ra, ilmiy maqolalar chop etilishi bo‘yicha hech bir Xitoy universiteti 30 yetakchi oliy ta'lim muassasasi ro‘yxatiga kirmagan.

Xitoyning R&D'ga kiritayotgan sarmoyalarining bu qadar past samarasi qisman investitsiyadan natija olish uchun ancha ko‘p vaqt kerak bo‘lishi bilan izohlanadi. Yana bir sabab - Xitoy ijtimoiy-madaniy kontekstining ba'zi xususiyatlari, jumladan, ta'limning "yod olishga asoslangan" an'anaviy modeli qoldiqlari, iyerarxiya aloqalariga ehtiyotkorona munosabat. Umuman olganda, shuni anglash muhimki, Xitoydagi innovatsiyalarga bog‘liq muammolar faqatgina investitsion tanaffuslar va madaniy omillar bilangina cheklanmaydi. Ba'zi qonun-tartiblar Xitoyga faqat qog‘ozdagina innovatsiya giganti bo‘lishga yordam beradi. Aslida esa ular foydadan ko‘ra ko‘proq ziyon keltirmoqda.

Birinchidan, Science jurnalining adolatli ta'kidiga ko‘ra, davlatning R&D'ga yo‘naltirayotgan vositalari katta ulushi mustaqil ilmiy komissiya tomonidan tan olingan obektiv amallarga ko‘ra emas, siyosiy aloqalar asosida taqsimlanadi. Bu tajriba pullarning asosiy qismi tadqiqotlarga emas, chiroyli binolar va qimmatbaho zamonaviy uskunalarga sarflanish xavfini oshiradi.

Ikkinchidan, Xitoy nazariy tadqiqotlarga IHTTga nisbatan (17 foiz) kam vosita ajratadi (umumiy sarmoyalarning atigi 4 foizi). Natijada Xitoy R&D asosiy e'tiborni mavjud bilimlarni qayta ishlashga qaratadi. Mutlaqo yangi ilmiy g‘oyalar va texnologiyalar ishlab chiqarishga esa yetarlicha e'tibor berilmagan.

Uchinchidan, patentlar haqida gapiradigan bo‘lsak, Xitoy hukumati ko‘proq sifatni emas, sonni qadrlaydi. 2010 yildan 2015 yilga qadar Xitoy davlat intellektual mulk idorasiga patent olish uchun kelib tushgan buyurtmalar soni 300 000dan 900 000gacha. O‘n uchinichi besh yillik reja bu raqamlarni 2020 yilgacha 1,8 millionga oshirishni ko‘zda tutadi. Ko‘rsatkichlar poygasi patentlar sonini yanada kuchli devalvatsiya qilish xavfini tug‘diradi.

To‘rtinchidan, Buyuk xitoy fayrvoli tadqiqotchilarning butun jahon axborot maydoniga kirishini qiyinlashtirmoqda. Xitoylik olimlar hatto Google Scholar'ga kira olishmaydi. Albatta, Baidu Scholar'dan foydalanish mumkin, biroq u qidiruvni faqat xitoy ilmiy jurnallari bo‘yicha amalga oshiradi, xorijiy nashrlar esa chetda qoladi.

Beshinchidan, Xitoy hukumati xorijiy kompaniyalardan bozorga kirish imkoni evaziga o‘z texnologiyalari bilan bo‘lishishlarini talab qilmoqda. Barcha g‘arb texnologiya gigantlari Xitoyda o‘z tadqiqot labaratoriyalarini joylashtirganiga qaramay, ular shug‘ullanayotgan ishlarning katta qismi yangi avlod texnologiyalarini ishlab chiqarishga emas, mahsulotlarni mahalliy bozorga moslashtirishga qaratilgan. Hech kim o‘zini xavf ostiga qo‘yib, ilg‘or ko‘nikmalarini xitoylik raqiblari bilan bo‘lishishni istamasligini tushunish mumkin.

Xitoy va Hindistonni solishtirish R&D'ga yondashuvda keskin tafovutni namoyon qiladi. Hindistonda xorijiy kompaniyalar ziyoniga mahalliy kompaniyalarga yordamlashishga qaratilgan protektsion qonunlar deyarli yo‘q. Intellektual mulk masalalarida ham xorijiy firmalar Xitoyga nisbatan Hindistonda o‘zlarini himoyalangan his etishadi. Natijada Hindiston o‘z ilmiy-tadqiqot ishlanmalariga Xitoyga nisbatan o‘n karra kam vosita sarflashiga qaramay, xalqaro texnologiya gigantlari yetakchi tadqiqotlarni ko‘proq Hindistonda o‘tkazishadi.

Yuqorida keltirilgan tahlildan kelib chiqib, davlatning innovatsiya masalasi haqida uch xulosa qilish mumkin.

Birinchidan, qonun mazmuni katta ahamiyatga ega.

Ikkinchidan, qonunlar amalda har doim ham biz kutgandek natija beravermaydi.

Uchinchidan, siyosiy mafkura va innovatsiya talablari o‘rtasidagi ziddiyatlarni yengish u qadar oson ish emas.

Xitoyning ko‘lami va uning matematik, ilmiy hamda muhandislik ta'lim tizimini hisobga olgan holda, aytish mumkinki, ertami-kechmi mamlakat eng yirik xalqaro texnologik gigantlardan biriga aylanadi. Shunga qaramay, bularning barchasi ertaroq sodir bo‘lishi uchun Xitoy rahbariyati o‘z qonun va dasturlari mohiyatini qayta ko‘rib chiqishi, intellektual mulk himoyasi va innovatsiyalar o‘sishida transmilliy korporatsiyalar rolini anglab yetishi lozim.

Top