21:42 / 19.01.2017
6728

Xitoy Pekin havosini tozalashga 2,7 milliard dollar sarflaydi

Foto: AP

Pekin joriy yilda shahar havosining ifloslanishi bilan kurashishga 2,7 milliard dollar sarflaydi. Bu haqida 19 yanvar, payshanba kuni davlat OAV xabar berdi. 

Pullarning bir qismi atmosferani ifloslantirayotgan 2000dan ortiq zavodni yopish yoki modernizatsiyalash, ko‘mirning o‘rniga sof energiya manbalaridan foydalanish, havoga zarar yetkazayotgan 300 000 eski transport vositasidan bosqichma-bosqich xalos bo‘lishga sarflanadi. Sinxua agentligi Pekin meri vazifasini bajaruvchi Tsay Tsi ma'lumotlariga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

Hukumat Xitoy, ayniqsa sershovqin poytaxt va unga yaqin hududlarning ifloslangan havosini tozalashda sezilarli natijaga erishishni o‘z oldiga maqsad qilgan. So‘nggi bir necha hafta mobaynida Pekin havosi haddan ziyod ifloslanishi natijasida hukumat bir necha zavodlar faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatishga, maktab o‘quvchilarini esa uyda qolishga chaqirdi. 

Xitoy ko‘mirga tobe'lik darajasini kamaytirish va energiya sohasida qayta tiklanuvchi ekologik sof manbalardan foydalanish yo‘lida katta ishlarni amalga oshirmoqda. Manbaga ko‘ra, Milliy energetika ma'muriyati rejadagi 100 ko‘mir elektrostansiyasi qurilishini bekor qilgan.  

Top