18:16 / 20.01.2017
9402

Audi o‘zining to‘liq tortuvchi 8 millioninchi avtomobilini ishlab chiqdi

Germaniyaning Audi avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyasi barcha g‘ildiraklari yetakchi bo‘lgan 8 millioninchi mashinasini ishlab chiqqanini e'lon qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar qilgan. 

Meksikadagi yangi zavodda ishlab chiqilgan qizil (Garnet Red) tusdagi Audi Q5 2.0 TFSI quattro modeli ushbu mashina ekani aytilmoqda. 1980 yilda havola qilingan quattro texnologiyasi bugungi kunda Audi kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan yoki ishlab chiqarilayotgan 100 dan ortiq modelda qo‘llaniladi.

Barcha g‘ildiraklarni yetakchi bo‘lishiga javob beruvchi quattro Audi Q7, Audi A4 allroad quattro, Audi A6 allroad quattro, Audi A8, Audi R8, S va RS modellarining barcha namunasiga o‘rnatiladi. Boshqalarida qo‘shimcha imkoniyat sifatida taklif etiladi. 

Kompaniya ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yilda Audi mijozlarining 44 foizi ayni texnologiya qo‘llanilgan avtomobillarni ma'qul ko‘rgan. Bunda birinchi o‘rin Audi Q5 modeliga tegishlidir. Undan jami 262 000 dona sotilgan. AQSh, Kanada, Rossiya va Yaqin sharq mamlakatlarida quattro modellariga qiziqish katta. 

Audi – Volkswagen Group tarkibiga kiruvchi kompaniya bo‘lib, unga 1932 yilda asos solingan. Hozirda, kompaniya bosh qarorgohi Germaniyaning Ingolshtadt shahrida joylashgan. 

 

Top