00:18 / 20.01.2017
10015

J nuqtasi. «Yuventus» nega bitta harfdan iborat logotip chiqardi?

16 yanvar kuni Italiya futbolida aytarli yangilik bo‘lishi kutilmayotgandi. «Torino» va «Milan» o‘sha kunga mo‘ljallangan  seriya o‘yinini o‘tkazishdi, Repubblica nashri talqiniga ko‘ra, chempionatning eng yomon futbolchisi Luis Adriano «Spartak» bilan shartnoma imzolash uchun uchib ketdi. Hattoki «Fiorentina» hujumchisi Nikola Kalinichga Xitoy klublaridan biri yillik 20 mln yevro maosh taklif qilayotgani haqidagi mish-mish futbolchining o‘zini ham ajablantirmagan bo‘lsa kerak.

Ammo kutilmaganda Toshkent vaqti bilan 17 yanvarga o‘tar kechasi tarmoqlarni junbushga keltirgan yangilik tarqaldi. Milandagi Leonardo Da Vinchi nomidagi fan va texnika muzeyida mamlakatning eng sovrindor jamoasi Turinning «Yuventus» klubi yangi logotipi taqdimoti uchun kecha uyushtirildi. Tadbirda yuzlab futbolga aloqador kishilar va unchalik taniqli bo‘lmagan VIP-mehmonlar (modellar, didjyeylar, shuningdek «Yuve» yulduzlari — Danluidji Buffon, Pavel Nedved boshqalar) ishtirok etishdi. Klub prezidenti Andrea Anelli oq qora tasvirdagi J ustiga Juventus yozuvi bitilgan logotipni taqdim qilib — bu «bizning hayotiy uslubimizning ramzi» deya ta'rif berdi.
 
Logotip butun dunyo bo‘ylab tarqalganidan bir soat o‘tar-o‘tmas, ijtimoiy tarmoqlarda #2BeJuventus va #JuventusLogo heshteglari ostida mavzu keng muhokama qilina boshladi. Tvitterda bu mavzu jahon trendiga chiqib ketdi. Unda asosan logotipga nisbatan salbiy fikrlar yangradi. Qisqa muddatda 180 million odam unga qarshi bo‘lgan kampaniya shakllandi.
 
«Yuventus» 100 yildan buyon jamoa ramzi bo‘lib kelgan logotipning fakt bo‘yicha 70 foizidan voz kechdi. Eski logotipdan na qalqon, zebrali izlar, na sovrinlarni yodga soluvchi yulduzli toj qoldi. Faqatgina ikkita J harfini tasvirlagan chiziqlar va sakkiz harfdan iborat klub nomigina saqlanib qoldi. 

Oxirgi yillarda bu kabi rebrendinglarni biznes sohasida ko‘p uchratishimizga to‘g‘ri kelmoqda. Birgina konservativ Angliya premer-ligasining o‘zida ham oq va ko‘k ranglardan voz kechilib zangori va binafsharangli logolarga o‘tilgani bunga isbot bo‘ladi. Oddiy o‘zimizga tanish misol Bilayning bugungi sariq-qora chiziqli brendiga ham endigina 11 yil to‘ldi. 

Futbol klublari asosan dizaynerlarga buyurtma berishayotganida logotipni qurilishi tili bilan aytganda kosmetik ta'mirlab berishni so‘raydi. Yoki jamoaning tarixini aks ettirib turuvchi unsurlardan foydalanishni ma'qul ko‘rishadi va unda albatta «g‘oliblik ruhi» saqlanib qolganini ta'kidlashadi. Londonning «Arsenal»i logotipdagi to‘pni (pushka) soddalashtirdi va lotincha shiordan voz kechdi, PSJ Eyfel minorasini to‘rtta shtrixda tasvirladi, «Chelsi» sher tasvirini qaytardi, «Manchester Siti» — o‘zining eski davrlaridagi qayiqlariga qaytdi. Ammo bularning barchasini birgina sabab bilan tushunish va qaysidir ma'noda oqlash mumkin. Chunki ularning barchasi tarixiy asos bilan yaratilgan, dunyoga kelgan. O‘sha biz aytishni yaxshi ko‘radigan «an'anaviylik» bor edi ularda.

«Yuventus» muxlislariga qadar birinchi navbatda Madridda bu borada yaxshigina shov-gu yuzaga kelgandi. Dekabrda «Atletiko», Ispaniyaning uchinchi grand jamoasi nomini oqlash uchun klub ramzida kichik o‘zgarishlarni amalga oshirishga qaror qildi. O‘zgarishlar unchalik katta bo‘lgani yo‘q — ranglarga biroz jilo berildi, daraxt biroz boyitilgan holda qayta chizildi, tasvirdagi ayiqning boshi g‘arbdan sharqqa qarab biroz burilgan holda tasvirlandi. Ammo Barselonaning Vasava studiyasi tomonidan tartib bilan qilingan o‘zgarishlar madridliklarga ma'qul kelmadi, ular darhol #ElEscudoNoSeToca («emblemaga tegmang») shiori ostida heshteg yasashdi va o‘ziga xos fleshmob kampaniya o‘tkazishdi. Change.org portali orqali petitsiyalar uyushtirishdi. Vaziyat shu darajagacha borib yetdiki, klub uchun bosh murabbiy Diyego Simeone javob berishiga to‘g‘ri keldi: «Qandaydir o‘zgarish bo‘lsa, u albatta kimgadir yoqmaydi, biz esa yaxshisi bor e'tiborimizni oldinda turgan o‘yinlarga qaratishni ma'qul ko‘ramiz».

Turinda ham, bu kabi tavakkalga borishganini tushunishmadi. Albatta bu qanday maqsadda amalga oshirilgani tushunarli. Bugungi biznes sharoitida yangicha rebrending yangicha imkoniyatlarni ochishi kerak. O‘tgan haftada The European Club Footballing Landscape nashri e'lon qilgan tadqiqotga ko‘ra,

«Yuventus» 2015 moliyaviy yilni UYeFAning eng daromadli 10 jamoalaridan biri sifatida yakunlagan. Kuchli 10likka kirgan jamoalarning birortasi haftada bir marta yaxshi futbol ko‘rsatgani uchun bu ro‘yxatga tushib qolmagani aniq. Chunki ularning har biri futboldan tashqari o‘zlari uchun yangi biznes imkoniyatlarini ochish, hamkorlarni topishni («Yuve» 2017 yil boshiga kelib ular 39taga yetdi) ham asosiy vazifa qilib qo‘yadi, muvaffaqiyatlardan tashqari yangi auditoriyalar, yangi bozorlarga kirib borish uchun xarajat qilishga tayyor turishadi.

— Biz, kim bo‘lmoqchi ekanimizni ko‘rsatdik, — deb tushuntirdi prezident Anelli. — Bizga«Yuventus»ning timsoli ham o‘ziga mos bo‘lishini ta'minlashimiz kerak edi. U nafaqat futbol uchun, boshqa auditoriyalar foyalanishi uchun ham kerak edi. Bolalar, ayollar, yoshlar. Biz ular nafaqat futbol orqali, balki bizning falsafamiz, stilimiz orqali ham bizga yaqinroq bo‘lishini istadik.

Anellining gaplarini quyidagicha kengaytirish mumkin: an'anaviy muxlislar, aniqroqi 18 yoshdan oshgan erkaklar shundoq ham «Yuventus»ni tashlab ketishayotgani yo‘q. Lekin yangi, zamon bilan hamnafas ulg‘ayayotgan, snepchat, tvitter, feysbuk bilan katta bo‘layotgan yangi avlod uchun yangi ramz eslab qolish, ko‘nikish uchun osonroq bo‘ladi. «An'anaviy italyancha geraldik qalqon»dan ko‘ra yangicha kreativlar ma'qul ular uchun. Bu ayniqsa Turindan, Apennin yarimorolidan tashqarida bo‘lgan uchun adolatliroq qaror deyig mumkin bo‘lar.

Umuman olganda «Yuventus» bugun yangilik deb qarab taqdim qilgan minimalizm elementlari ham bir kun kelib eskiradi. Ikki chiziqli J ham bugun voz kechilgan yo‘l-yo‘l zebra kabi zamonga mos kelmay qolishi ham tayin. Balki o‘shanda ikki chiziqli harf bittaga qisqarar, balki shunchaki Juventus yozuvining o‘zi qolar? Balki yana zebraga qaytilar? 100 o‘tsa, buni albatta bilib olamiz.

Top