19:35 / 20.01.2017
8076

Moliya vazirligi: 2016 yilning 4-choragida XMI bilan 508 million AQSh dollariga teng kredit bitimlari imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2016 yilda xalqaro moliya institutlari bilan umumiy hisobda 508 million AQSh dollariga teng kredit bitimlarini imzoladi. Bu haqda vazirlik rasmiy saytida ma'lumot berilgan.

Xususan, hududiy avtomobil yo‘llarni rivojlantirish loyihasi bo‘yicha Jahon banki bilan summasi 200 million AQSh dollari bo‘lgan kredit bitimi imzolangan. Loyiha Toshkent, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridagi ustuvor hududiy avtomobil yo‘llarni umumiy uzunligi 394 km bo‘lgan 37 ta bo‘limlarni, shu bilan birga ularga kirish yo‘llari va ularga tegishli bo‘lgan drenaj tizimlarini rekonstruksiya qilishga yo‘naltirilgan.

Shuningdek, Sirdaryo viloyatidagi Guliston, Shirin va Yangiyer shaharlarida kanalizatsiya tizimini kengaytirish va rekonstruksiya qilish loyihasi uchun Islom taraqqiyot banki bilan qiymati 57,5 million AQSh dollari bo‘lgan kredit bitimi ham imzolandi. U Guliston, Shirin va Yangiyer shaharlaridagi mavjud kanalizatsiya tozalash qurilmalarini, kanalizatsiya tarmoqlarini va nasos stansiyalarini rekonstruksiya qilish va kengaytirish orqali oqova suv to‘planish va tozalash tizimlarining samaradorligini va barqarorligini oshirish hamda atrof-muhitni oqova suvlari bilan ifloslanishini kamaytirishga yordam beradi.

2016 yilning 19-dekabr kuni Fransiya taraqqiyot agentligi bilan Samarqand shahridagi qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishni modernizatsiya qilish loyihasi doirasida qiymati 23,5 million AQSh dollarilik kredit bitimi imzolandi. Uning yordamida qattiq maishiy chiqindilarni qayta tiklash va qayta ishlash tizimini takomillashtirish orqali Samarqand shahrida qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish tizimini modernizatsiya qilish imkoni yaratiladi.

Toshkent shahri aeroportining yangi xalqaro yo‘lovchi terminalini qurish (Toshkent-4) loyihasi doirasida Koreya Eksimbanki bilan 200 million AQSh dollariga teng kredit bitimi imzolandi. Loyiha maqsadi - yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish yangi terminalini qurish, xalqaro havo liniyalariga sifatli xizmat ko‘rsatish, yo‘lovchilarni o‘tkazish quvvatini ko‘paytirish orqali Toshkent shahridagi xalqaro aeroportining infratuzilmasini rivojlantirish.

Shuningdek, “Elektron hukumat” tizimining ma'lumotlarini qayta ishlash markazini yaratish loyihasi doirasida Koreya Eksimbanki bilan 27 million AQSh dollariga teng kredit bitimi imzolandi. Uning maqsadi “Elektron hukumat” tizimining ma'lumotlarini qayta ishlash va saqlash uchun infratuzilmani yaratish, idoralararo ma'lumotlar bazasini shakllantirish, davlat interaktiv xizmatlarini rivojlantirish va davlat organlarining axborot resurslarining axborot xavfsizligini ta'minlashdan iborat.

Top