14:04 / 20.01.2017
41213

Yuridik xizmat faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi

2017 yil 19 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi. Qarorning rasmiy matni “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalarida chop etildi. Bu haqda Xushnudbek.uz yozmoqda

Qarorda yuridik xizmatlarning bugungi kundagi bir qator kamchiliklari bayon qilingan. Xususan:

yuridik xizmat xodimlari qonun buzilishining oldini olish hamda ular bo‘yicha o‘z vaqtida choralar ko‘rish uchun yetarli va ta'sirchan vakolatlarga ega emasliklari sababli ularning faoliyati kutilgan samarani bermayotganligi;

yuridik xizmatlarni tashkil etishning tartibi, ularning shtat birliklarini belgilash me'yor va mezonlarining mavjud emasligi turli davlat organlari va tashkilotlarida yuridik xizmatlarning tashkiliy shtat tuzilmasini oqilona belgilashni ta'minlashga imkon bermayotganligi;

yuridik xizmatlar tomonidan huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va umumlashtirish, qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish ishlari samarali tashkil etilmaganligi;

yuridik xizmat xodimlarining moddiy ta'minot darajasi mazkur sohaga oliy yuridik ma'lumot va amaliy tajribaga ega yuqori malakali kadrlarni jalb qilishga to‘sqinlik qilayotganligi, bu esa yuridik xizmatlar ishining sifatiga o‘z ta'sirini o‘tkazayotganligi ta'kidlandi.

Qaror bilan yuridik xizmat faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan quyidagi o‘zgarishlar belgilab berildi:

davlat organlari va tashkilotlarida, shu jumladan, ularning hududiy tuzilmalarida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan minimal me'yor va mezonlarga asosan, majburiy tartibda yuridik xizmatlar tashkil etiladi;

yuridik xizmatning mavjud shtat birliklarining qisqartirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;

davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlariga adliya organlari xodimlariga belgilangan martaba darajalarini berish, ko‘p yillik xizmat uchun ustamalarni to‘lash tartibi tatbiq etiladi. Bunda xarajatlar davlat organlari va tashkilotlarining mablag‘lari hisobidan qoplanadi;

yuridik xizmat xodimi sifatidagi mehnat staji xodim boshqa davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlariga ishga o‘tganda, martaba darajalari va ko‘p yillik xizmat ustamalarini to‘lash uchun mo‘ljallangan mehnat staji hisobiga olinadi;

davlat organlari va tashkilotlari tomonidan yuridik xizmat xodimlariga qonun xujjatlarida nazarda tutilmagan funksiyalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;

davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatlarining mazkur mutaxassislik bo‘yicha uch yillik stajiga ega bo‘lgan xodimlari litsenziya olish uchun advokat maqomiga ega bo‘lishga talabgor shaxs sifatida malaka imtihonida tegishli stajirovka o‘tamasdan ishtirok etish huquqiga ega;

davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlarining malakasini oshirish har uch yilda kamida bir marta amalga oshiriladi;

davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlari tegishli ravishda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida va uning hududiy organlarida har uch yilda bir marta attestatsiyadan o‘tadilar;

davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari tizimli ravishda tegishli soha faoliyatidagi normativ-huquqiy xujjatlar loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasining amalga oshirilishini tashkil etadi;

davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari mazkur organlar va tashkilotlar ishtirokida vujudga keladigan nizolarni sudgacha hal etish yuzasidan majburiy tartibda choralarni ko‘radilar;

buyruqlar, farmoyishlar, shartnomalar va yuridik xususiyatga ega bo‘lgan boshqa hujjatlarning loyihalari huquqiy ekspertizani amalga oshirish uchun majburiy tartibda yuridik xizmatga takdim etiladi;

jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklarini amalga oshirishga ta'sir etadigan davlat organlari va tashkilotlarining qarorlari yuzasidan majburiy tartibda yuridik xizmatning xulosasi olinishi lozim;

davlat organlari va tashkilotlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarning harakati yoki harakatsizligi yuzasidan berilgan shikoyatlar majburiy tartibda davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari tomonidan ham ko‘rib chiqiladi;

davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish masalalari majburiy tartibda adliya organlari bilan kelishiladi;

adliya organlari yuridik xizmat faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik talablarini buzgan davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari hamda yuridik xizmatlari xodimlariga nisbatan intizomiy ish yuritishni qo‘zg‘atish tashabbusi bilan chiqish huquqiga ega;

davlat organlari va tashkilotlarida har yili yuridik xizmatlarning mazkur davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida qonun ustuvorligi va qonuniylik ta'minlanishi ahvoli to‘g‘risidagi hisoboti eshitiladi;

yuridik xizmat xodimlari har chorakda sudgacha va sud tartibida davlat organi va tashkiloti foydasiga hal qilingan nizolar yuzasidan undirilgan summaning 5 foizi, biroq eng kam oylik ish haqining 50 barobaridan (izoh: 20.01.2017 holatiga 7 mln. 488 ming so‘m) bo‘lmagan miqdorda mukofotlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimida ko‘shimcha 5 ta boshqaruv xodimi shtat birliklarini ajratish yo‘li bilan Yuridik xizmatlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va metodik ta'minlash boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarida esa, qo‘shimcha 14 ta boshqaruv xodimi shtat birliklarini ajratish yo‘li bilan tegishli shu'balar tashkil etiladi.

Adliya vazirligining rasmiy saytida davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi yagona, hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan ma'lumotlar bazasi yaratiladi.

2 oy muddatda Yuridik xizmat xodimining ish joyini moddiy-texnika jihatidan jihozlashga doir minimal talablar tasdiqlanadi.

3 oy muddatda davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmat xodimlari shtat birliklari yetarliligi, ularning amalga oshirilayottan ishlar hajmiga muvofiqligi tankidiy tahlil qilinadi, natijasi bo‘yicha yuridik xizmatlar xodimlarining shtat birliklarini qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, yuridik xizmat xodimlarining mehnatiga haq to‘lash razryadlarini davlat organlari va tashkilotlari tegishli tuzilmalarining rahbarlariniki darajasiga qadar oshirish yuzasidan takliflar Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.Axmedbayev zimmasiga yuklandi.

Top