09:22 / 21.01.2017
6358

Donald Tramp noqonuniy muhojirlarni chiqarib yuborishni rejalashtirmoqda

Foto: RIA

AQShning yangi hukumati mamlakatda noqonuniy istiqomat qilayotgan va avval jinoyat sodir etgan muhojirlarni deportatsiya qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda AQShning yangi ma'muriyati tomonidan e'lon qilingan dasturda so‘z yuritilgan. Dastur matni Oq uy saytiga joylashtirilgan. 

"Huquq-tartibot tizimini qo‘llab-quvvatlash o‘tmishda jinoyat sodir etgan xorijiy noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilishni ko‘zda tutadi", — deyiladi Donald Tramp lavozimiga kirishganidan ko‘p o‘tmay e'lon qilingan hujjatda. 

Prezident Donald Tramp, shuningdek, noqonuniy muhojirlik va jinoyatchilikka qarshi kurash maqsadida mamlakat chegarasi bo‘ylab devor quradi. 

"Prezident Tramp noqonuniy muhojirlikka chek qo‘yish, jinoyatchilik va zo‘rovonlikka barham berish, giyohvand moddalar kirib kelishini to‘sish maqsadida mamlakat chegaralarida devor qurishni rejalashtirgan", — deyiladi dasturda. 

Hujjatda ta'kidlanishicha, Tramp "chegaralarga doir Amerika qonunchiligini mustahkamlash, noqonuniy muhojirlar uchun boshpana bo‘luvchi shaharlarni yo‘qotish va noqonuniy muhojirlik bilan bog‘liq qonunga bo‘ysunmaslik holatlariga chek qo‘yish niyatida".

Donald Tramp, shuningdek, Amerika konstitutsiyasiga kiritilgan ikkinchi tuzatishni qo‘llab-quvvatlaydi. Mazkur tuzatish fuqarolarning o‘qotar qurol xarid qilishiga ruxsat beradi, deb xabar qiladi Oq uy matbuot xizmati. 

"Huquq-tartibot idoralarini qo‘llab-quvvatlash, fuqarolarimizning o‘zlarini-o‘zlari himoya qilishlariga imkon berishni anglatadi. Biz Ikkinchi tuzatishni sud tizimining barcha darajasida ma'qullaymiz", — deyiladi dasturda. 

Top