09:05 / 21.01.2017
22782

Shavkat Mirziyoyev Qo‘ng‘irot-Mo‘ynoq ichimlik suvi tarmog‘i qurilishi bilan tanishdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston respublikasiga tashrifi doirasida Shumanay tumani Jumaboy Bozorov nomidagi bolalar musiqa va san'at maktabiga tashrif buyurdi. 211 o‘quvchi ta'lim olayotgan bu dargohda milliy musiqa asboblari, fortepyano, xoreografiya, tasviriy san'at kabi o‘ndan ziyod yo‘nalishda dars o‘tiladi. Muassasa ochilganiga atigi bir necha yil bo‘lganiga qaramay, uning o‘quvchilari qator tanlovlarda, xususan, 2 marta mamlakatimiz miqyosida o‘tkazilgan ko‘rikda birinchi o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘ldi, deb xabar qilmoqda O‘zA.

Maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari bilan muloqot chog‘ida jamoatchilik vakillari O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov yosh avlodni jismoniy va ma'naviy jihatdan barkamol etib voyaga yetkazishga alohida e'tibor bergani, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev u kishining bu boradagi xayrli ishlarini izchil davom ettirayotganini ta'kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Agroservis MTP” mas'uliyati cheklangan jamiyatining Qanliko‘l tumani filialida ham bo‘lib, bahorgi dala ishlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish haqida fikrlashdi. Tumanda paxta maydonini bosqichma-bosqich qisqartirib, chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Qanliko‘l pedagogika kollejida bo‘lgan muloqotda Prezidentimiz kollej mutaxassisliklarini zamon talabiga mos ravishda o‘zgartirish, tuman iqtisodiy-ijtimoiy hayoti uchun zarur kadrlar tayyorlash kerakligini ta'kidladi. Ilmiy, badiiy adabiyotlarni qoraqalpoq tiliga o‘girish, chop etish va ta'lim maskanlariga yetkazib berish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Davlatimiz rahbari Qo‘ng‘irot – Mo‘ynoq ichimlik suvi tarmog‘i qurilishi boshlanishi bilan tanishdi. 101 kilometrlik ushbu suv tarmog‘i ishga tushirilgach, bir kecha-kunduzda 7 ming kub metr suv uzatish va 25 mingdan ziyod aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash imkoniyati yaratiladi.

Nukus shahrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi faollari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davom etmoqda.

Top