20:38 / 22.01.2017
75783

Donald Trampga Qur'on oyatlari tilovat qilib berildi

AQShning yangi prezidenti Donald Trampning inauguratsiyasi munosabati bilan bir necha dinlararo marosimga taklif qilingan imom, o‘ziga berilgan imkoniyatdan ajoyib tarzda foydalangan. U AQShning 45-prezidentiga Qur'on oyatlaridan tilovat qilishga qaror qilgan. Bu haqda, ilmfeed.com sayti xabar qilmoqda.  

Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp saylovoldi kampaniyasi, Amerika siyosatshunoslari tomonidan meksikaliklar, lotin amerikaliklar va musulmonlar sha'niga nisbatan keskin fikrlar bildirilgan kampaniya sifatida baholandi. 

Imom Muhammad Magid, o‘ziga taqdim etilgan imkoniyatdan foydalangan holda, prezident Donald Tramp, uning oilasi va vitse-prezident Maykl Pens hamda boshqalar qarshisida Qur'oni Karimning:

Hujurot surasi 13 oyati:

“13 . Ey odamlar! Biz sizlarni bir erkak va ayoldan yaratdik va sizlarni o‘zaro tanishishingiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qo‘ydik. Albatta, Allohning huzurida eng hurmatligingiz eng taqvodoringizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir”. (Ushbu oyati karimada «Ey odamlar !» deb barcha insoniyatga qarata nido qilinmoqda, shu bilan birga ularning asli bir ekanligi eslatilmoqda. Demak, odamlarning asli bir — hammalari Odam Ato va Momo Havodan tarqalganlar. Ayni chog‘da Alloh taolo ularni turli xalqlar va qabilalarga ajratib ham qo‘yganini ta'kidlamoqda. Insonlarning turli xalq va qabilalarga bo‘linishini sababi esa, o‘zaro tanishish, ma'rifat hosil qilish ekanligi uqtirilmoqda.)

hamda Rum surasi 22 oyatini:

“22. Va Uning oyat-belgilaridan osmonlaru yerning yaratilishi va tillaringiz va ranglaringizning turlicha bo‘lishidir. Albatta, bunda olimlar uchun oyat-belgilar bordir”. (Inson bolasi o‘ziga o‘xshagan odamlar bilan ko‘rishadi, gaplashadi, lekin ilohiy qudrat tufayli ularning tillari va ranglari turlicha yaratilganiga e'tibor bermaydi. Aslini olganda, bular ham ulkan mo‘'jizalardir.) 

tilovat qilib, ularning ma'nolari tarjimasini tinglovchilarga so‘zlab bergan. (Qur'oni Karim oyatlari ma'nolari tarjimalari http://www.quran.uz/ saytidan olindi).

Top