11:15 / 22.01.2017
62579

Sh.Mirziyoyev: “Duo qilgan, duo olgan hech qachon kam bo‘lmaydi. Bunday joydan hech qachon baraka arimaydi”

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, xalqimizning hayot darajasi va sifatini yanada oshirishga qaratilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan uchrashish va muloqot qilish maqsadida 20- 21 yanvar kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘istondagi Imom Eshon Muhammad jome masjidiga tashrif buyurdi. Prezident u yerda diniy idora vakillari, qoraqalpog‘istonlik faxriylar va nuroniy otaxonlar bilan uchrashdi. Uchrashuvda ma'naviyat, yoshlar tarbiyasi singari dolzarb masalalar haqida so‘z bordi.

“Avvalambor, o‘tgan saylovda munosib qatnashganingiz uchun raxmat. Sizlarning gaplaringiz, ko‘rsatmalaringiz bilan qoraqalpoq yoshlari saylovda yaxshi ishtirok etdi. Menga shunchalik ishonch bildirganlaringiz uchun, men sizlarga ta'zim qilib, raxmatlar aytaman. Ikkinchidan, sizlarning ishonchingizni qanday qilib qozonib, og‘irimizni yengil qilish haqida o‘ylash kerak. Duoda gap ko‘p. Bu yerda o‘tirgan ko‘pni ko‘rgan, ko‘p mehnat qilgan oqsoqollar barcha yerda duoda bo‘linglar. Chunki duo qilgan, duo olgan hech qachon kam bo‘lmaydi. U yerdan baraka arimaydi”, dedi O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuv davomida mehnat faxriylari, nuroniy otaxonlar so‘zga chiqib, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan ishlarga o‘z munosabatlarini bildirishdi. O‘zbek va qoraqalpoq xalqining asriy aloqalarini, madaniy uyg‘unligini tilga olishdi. Kelajakda amalga oshiriladigan rejalar haqida so‘z yuritildi.

Uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston prezidenti Imom Eshon Muhammad jome masjidi imom-xatibining duosini oldi. Barcha fotihaga qo‘l ochdi.

Shuning bilan prezident Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga qilgan tashrifi o‘z nihoyasiga yetdi. Davlat rahbari samolyoti 21 yanvar, kechga yaqin Toshkent aeroportiga kelib qo‘ndi.

Top