12:23 / 23.01.2017
5065

Xitoyda davlat pulini o‘margan amaldor umrbod ozodlikdan mahrum etildi

Xitoyda mamlakatga qaytgan ikkita poraxo‘r amaldorlardan biri umrbod ozodlikdan mahrum etildi, ikkinchisi esa sakkiz yilga qamaldi. Bu haqda Xitoy kommunistik partiyasi tartib-intizomni tekshirish bo‘yicha markaziy komissiyasi xabarida aytiladi.

Tszyansi viloyatidagi Shanjao shahrida Poyan aholi punkti moliya boshqarmasi amaldordi Li Xuabo davlat pulini o‘margani uchun umrbod qamoq jazosiga mahkum etildi. Shuningdek, u barcha siyosiy huquqlardan mahrum etilib, mol-mulki davlat hisobiga o‘tkaziladi. Li Xuabo 2011 yildan beri Singapurda yashirinib kelayotgandi, biroq 2015 yilning may oyida Xitoyga ekstraditsiya qilindi. Xabar qilinishicha, amaldor o‘z aybiga to‘la iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymon bo‘lgan. 

Lyaonin viloyatidagi Loyan shahrida esa shahar qo‘mitasining sobiq kotibi Van Gotsyan sakkiz yilga qamaldi. Unda kelib chiqishi noma'lum bo‘lgan “juda ham ko‘plab mablag‘lar” topilgan. Van Gotsyan 2012 yilda AQShga qochib ketgandi, biroq 2014 yilning dekabr oyida Xitoyga o‘z xohishi bilan qaytib keldi. Xabar qilinishicha, amaldor o‘z aybiga iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymon bo‘lgan. Barcha o‘marilgan mablag‘lar esa to‘laligicha davlatga qaytarildi. 

Xitoy jamoatchilik xavfsizligi vazirligi o‘tgan yilning may oyi boshlarida korrupsiya yoki lavozim jinoyatlarida gumon qilingan kishilarni qidirish bo‘yicha yangi kampaniya haqida ma'lum qildi. Kampaniyaga "Tulkilarni ovlash-2016" nomi berildi. Vazirlik avgust o‘rtalarida Xitoy huquqni muhofaza qilish organlari maxsus tadbir davomida qidiruvda bo‘lgan va chet elda yashiringan 409ta fuqaroni qo‘lga olgani haqida xabar berdi.

Top