12:04 / 24.01.2017
8140

Samvel Babayan Gruziyaga qarshi o‘yinda Ahmedov va Sergeyev o‘ynagan chiziqlarda muammolarga duch kelganini aytdi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCh–2018 saralash bosqichi ikkinchi davrasiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 21–24 yanvar kunlari BAAning Dubay shahrida o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘inini o‘tkazdi. Yig‘in doirasida O‘zbekiston terma jamoasi Daniya U-23 (1:2) va Gruziya terma jamoasi bilan nazorat uchrashuvi (2:2) o‘tkazdi.

Bosh murabbiy Samvel Babayan BAAdagi yig‘indan ko‘zlangan maqsad, o‘tkazligan o‘yinlar va bo‘lajak rejalar borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Suriyaga qarshi o‘yin oldidan BAAda o‘tkazilgan o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘inidan ko‘nglim to‘ldi. Yig‘in doirasida o‘tkazilgan har ikki o‘yinda o‘zimiz uchun kerakli xulosalar chiqarib oldik. Daniya U-23 termasiga qarshi o‘yinda tajribaviy tarkibni maydonga tushirdik. Gruziya bilan bahsda esa yig‘inga chaqirilgan asosiy futbolchilar harakat qildi. Yig‘in qisqa muddatli va FIFA kunlariga to‘g‘ri kelmaganligi bois legioner futbolchilarni taklif qila olmadik va terma jamoa asosini «Lokomotiv», «Paxtakor», «Bunyodkor» va «Buxoro» futbolchilari tashkil etdi. «Nasaf» OChL–2017 o‘tish bosqichiga tayyorgarlik ko‘rayotgani uchun klub futbolchilari yig‘inga taklif etilmadi.

Barcha futbolchilar maydonda bor kuchini berib, terma jamoaning modeliga asosan harakat qildi. Milliy termaning asosiy tarkibida tushadigan futbolchilar o‘yinidan qoniqish hosil qildim. O‘tkazilgan har ikki o‘rtoqlik o‘yinida Vitaliy Denisov, Anzur Ismoilov va Yegor Krimetsning yo‘qligi bilindi va buning natijasida jami 4 ta gol o‘tkazib yubordik. Shulardan ikkitasini standart vaziyatdan urildi. Xatolar ustida ishlab, ularni tahlil qilishimiz va keyingi o‘yinlarga qadar bu muammolarni bartaraf qilishimiz lozim.

Yig‘inda asosiy e'tibor Gruziyaga qarshi o‘yinga qaratilgan edi. Himoyada yo‘l qo‘yilgan xatolarga qaramay, o‘yin davomida ustunlik biz tomonda bo‘ldi. Hujum chizig‘ida ham muammolar yuzaga keldi. Yaratilgan vaziyatlardan to‘liq foydalanilmadi va buning ustida ham ishlashimiz kerak. O‘yindagi ustunlikni urilgan gollar bilan namoyish qilishimiz lozim edi. Ammo o‘z darvozamizdan ketma-ket ikkita gol o‘tkazib, qiyin ahvolga tushib qoldik. Lekin futbolchilar o‘ziga bo‘lgan ishonchni yo‘qotmadi va to‘p nazoratini o‘z qo‘liga olib, hisobni tenglashtirdi. Umuman olganda, o‘yindan ko‘nglim to‘ldi», – deya Babayaning so‘larini keltiradi O‘FF rasmiy sayti.

Esatib o‘tamiz, Gruziya terma jamoasiga qarshi uchrashuvda himoya chizig‘ida Azim Ahmedov, hujumda esa Igor Sergeyev asosiy tarkibda maydonga tushirilgandi.

Top